Siz bilmagan Novvot opam...

15:15 26 Iyun 2020 Jamiyat
1469 0

Har gal Shoʻrchiga borsam, u bino qarshisidan oʻtishimga toʻgʻri keladi. Yillarning hukmi-la u bir necha marotaba qayta taʼmirlangan, kimgadir oshyon, yana birda savdo doʻkoniga aylanib, elning ogʻirini yengil qilgan boʻlsa-da, koʻzimga gʻarib koʻrinaveradi. Asl qiyofasini mendan yashirayotgan qadrdonimga oʻxshaydi...

Esimda...

Ikkinchi sinfga borgan vaqtlarimiz bu bino kutubxona boʻlib, unda chehrasidan nur yogʻilib Novvot opamiz oʻtirardi. Eh-he, kimlar kelib, ketmasdi bu yerga. Faqat biz yurak yutib, kirishga iymanardik.

Bir kuni darsdan qayta turib, yana kutubxona derazasidan moʻraladik. Tush mahali, kitobxonlar kamligidanmi, Novvot opaning eʼtibori bizga tushdi. «Yana moʻralab turibsizlarmi? Qani buyoqqa kelinglar-chi», dedi kulib. Biz biroz taraddudlanib, kutubxonaga kirdik.

- Nechinchi sinfda oʻqiysizlar?

- Ikkinchi sinfda...

- Katta boʻlib qolibsizlar-ku, kitoblarni sharrillatib oʻqiyapsizlarmi, endi?

Biz uch dugona bir-birimizni maqtashga tushdik.

- Unday boʻlsa, buyogʻiga bizning faol kitobxonlarimiz boʻlasizlar. Mana sizlar uchun “Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallari ham bor. Unda tengdoshlaringizning hikoya, sheʼrlari chop etilgan. Kitob oʻqib, yaxshi bilim olsalaring, sizlar ham jurnalda chiqasizlar.

Bu gap dalda boʻldimi, biz dadil kitob javonlari oralab ketdik.

Bilasiz, bola qalbini rangin kitoblar maftun etadi. Har bir suvratdan oʻzimizcha, maʼno izlaymiz. Biri biridan koʻrkam kitoblardan qaysini tanlashni bilmay taraddudlandik...

Kitoblarni tanlab, Novvot opamizning stoliga yaqinlashgan edik, hamqishlogʻimiz Asomiddin aka bir dasta kitob bilan kirib keldi. Oʻrtada savol-javob boshlandi. Asomiddin aka kitoblarda aks etgan voqeyliklarni Novvot opa bilan muhokama qilishga kirishganda biz dugonalar bir-birimizga xavotirlanib qarab qoldik. Kitobni yodlab, aytib berish kerak ekan-da, degan oʻy bizni qiynay boshladi. Kutubxonaga kirganimizga afsuslandik...

Oradan oʻn kun oʻtsa ham olgan kitobimni topshirmadim. Uni qayta-qayta oʻqidim. Yod olishga harakat qildim. Har gal Novvot opaning savolomuz nigohi koʻz oldimga kelaverdi.

Bir kuni darsdan qaytayotganimizda Novvot opa yoʻlimizni toʻsdi.

- Ha, oyqizlar, kitoblarni oʻqib boʻldilaringmi? Uni boshqalarga ham berishimiz kerak, sizlarga esa yangilari kelgan.

Kitob olganimga yana bir bor pushaymonlar qildim, kechalari uxlamay uning har varagʻini yodladim. Har holda koʻnglim sal toʻlganday boʻlgach, Novvot opaning yoniga dadil kirib bordim.

Kutubxonada odam koʻp edi. Novvot opa keksaroq ayol bilan nimalarnidir tahlil qilardi. Men koʻrib, “mana bizning eng yosh kitobxonimiz keldi”, deb ishora qildi. Kitobni uning yoniga qoʻydimu, yod olganlarimni bir boshidan sharrillatib ayta boshladim. Ikkalasining ham nigohi men tarafda, ich-ichimdan xavotirdaman, soʻzlar oʻrnini adashtirib yubormasam boʻldi, qani edi ular toʻxta, deya qolishsa...

Novvot opa bir muddat hayron boqdi, keyin qadrdonini topganday, yuzlarimdan ushladi: “Koʻrdingizmi, bizning kitobxonimizni?”. Suhbatdoshining ham bu jarayondan taʼsirlangani koʻzlarida aks etib turardi. Keyingi safarlar borganimda bildimki, aslida kitobni yod olish emas, uning mazmuni, mohiyatini qalbdan his etish Novvot opaning talabi ekan. Keyin esa, har bir kitobni oʻqish davomida nafaqat uning mazmunini aytish, balki undagi voqealar borasida munozara oʻtkazishga ham oʻrganib qoldik.

* * *

Yangi asar muhokamasi har doim maroqlidir. Ayniqsa, uning qiymatini anglay oladigan kitobxonlar oʻrtasida boʻlsa. Novvot opamiz ham bunday tadbirlar, tanlovlarni koʻp-koʻp uyushtirib turardi.

Bir gal “Qizlar davrasi” tanlovida meni hayʼat aʼzolari safiga qoʻshib qoʻygan ekanlar. Yoshi katta odamlar orasida oʻtirib, ishtirokchilarga baho berishdan rosa xijolat boʻlgandim. Keyin bilsam, bu ham bir ragʻbat ekan. “Bahoni kitobsevar qoʻyadi,” degan ibora opaning shiori edi.

* * *

9-sinfda oʻqiyotgan kezlarim, qoʻlim yozishga kelishib, tuman gazetasida xabarlarim chiqa boshladi. Albatta, kutubxonaga yana-da serqatnov boʻlib qoldim. U yerda turli yillarda chiqqan gazeta, jurnallar taxlami bilan tanishish imkoni bor edi. Baʼzida kun qorayguncha ularni oʻqib oʻtirardim. Orada kutubxonachilar ham bir necha marotaba almashdi.

Ana shunday kunlarning birida, darsdan keyin yugurib borsam, kutubxona yopiq. Ertasi kuni ham, keyin ham shu ahvol davom etdi. Kutib zerikdim. Novvot opaning oʻrni bilindi. Yangi kutubxonachini oʻzimcha tartibga chaqirgim keldi. “Agar ertaga ham ochilmasa, gazetaga tanqid yozaman”, deya bir parcha qogʻozni eshikka qistirib ketdim.

Ne koʻz bilan koʻrayki, keyingi kun kutubxona eshigi ochiq, Novvot opamiz joʻn roʻmolga oʻralib, oyogʻining tagiga isitgich yoqib oʻtirardi. Meni koʻrib, chehrasi yorishdi. “Endi ishga chiqdim, farzandimning tobi boʻlmay, kutubxonani ham bir necha kun ocholmadim...” stolining bir chetida men yozgan qogʻoz parchasi turar edi. Opa dastxatimni tanisa ham buni menga bildirmadi...

* * *

Sovuq xabar qishloqni tutdi. “Novvot opa oʻtib qolibdi”, degan gap yuragimni muzlatdi. Kutubxona eshigini ochmay aza tutdi. Derazalaridan boqdim, kitoblar tokchalarida sargʻayib, aza tutdi. Onamdan qoʻrqa-qoʻrqa soʻradim, “Kutubxona endi ochilmaydimi?” Onam koʻzini yashirdi “kitoblaringga hech narsa qilmaydi, Novvot qaytmaydi!..” Kutubxona keyin ham eshigini ochmadi. Bir–biridan nodir kitoblar asta-asta qaylargadir gʻoyib boʻldi. Kutubxona xususiylashtirilgan ekan...

* * *

Shu yil qishda yaqin dugonam mehmon boʻlib keldi. U oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Oʻtgan ketganlarni esladik, maktab davrimiz haqida suhbatlashdik. Gap kitob oʻqishga borib taqaldi. Bugungi bolalarga qanday yaxshi, ularga moʻljallangan koʻplab gazeta, jurnallar, bir – biridan koʻrkam kitoblar chop etilmoqda, desam qoʻl siltadi. “Ey, hozir kim kitob oʻqib oʻtiradi, bolalarning qoʻlida telefoni bor, savollarga internetdan javob qidiradi”, dedi va norozi qiyofada qoʻshib qoʻydi “Buning ustiga bu jurnallar maktablarga deyarli bormay qolgan, kim istasa obuna boʻladi, istamagan yoʻq”.

Oʻyinqaroq bolalik... U nimani istaydi. Hammamiz ham bola boʻlganmiz. Ota-onamiz, ustozlarimiz bogʻbon kabi bizni avaylab kamolga yetkazgan. Oramizda nihol kabi ozgina “shamol”ga dosh berolmay, singanlar boʻlgani ham rost. Chunki, gʻoʻr faslda oq-qorani tanishimiz uchun himoyachimiz - maʼnaviyat kerak. U esa tarbiya va targʻibot ortidan shakllanadi, kamolga yetadi. Misol uchun, avvaliga ota-onamizning talabi, qaʼtiyati tufayli mashgʻulotlarni oʻzlashtirgan boʻlsak, keyin u sevimli ishimizga aylangan. Mutolaa zavqi ham shunday, agar bolani kitob, jurnal oʻqishga targʻib qilmasak, qiziqtirmasak u oʻzi uchun nima yaxshi yoki yomonligini anglay oladimi? Demak, bu ishimiz hali maromida emas. Yoʻqsa, “Gʻuncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi” kabi nashrlar borligidan bexabar avlod voyaga yetarmidi?

Bir tarafdan kitobxonlikka davlat miqyosida eʼtibor berilayotganini koʻrib, koʻngling togʻdek yuksaladi. Prezidentimiz yoshlarning barkamol inson boʻlib voyaga yetishiga xizmat qiluvchi koʻplab farmon va qarorlarni qabul qilmoqda. Kitob oʻqib, avtomashina egasi boʻlish mumkinligi ham targʻibotning naqadar dolzarbligidan dalolatdir.

Bu kunlar aslida Novvot opa kabi maʼrifatni sevguvchilarning orzusi emasmidi? Ularning fidoyiligisiz tarbiyaning zil-zambil yuki yolgʻiz oʻqituvchining oʻziga ogʻirlik qilmaydimi? Kitobxonlik, jurnalxonlik, gazetxonlik maʼnaviyatimizning ajralmas boʻlagi ekan, u har doim targʻibotga muhtoj. Yoʻqsa, maʼnaviyatimiz huvillaydi. Uni boshqa gʻoyalar egallay boshlaydi. Shuning uchun targʻibot har qadamda muhim. Bu ishda hali yuzlab, minglab Novvot opalarimizning fidoyiligi kerak boʻladi...

Sayyora SHOYEVA, 
OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?