Siyosatga xiyonatchi bular – Prezident ishdan olingan rahbarlar barcha oyliklarini davlatga qaytarishini va biror yerda ishlamasligini aytdi

15:48 09 Aprel 2021 Siyosat
1208 0

8-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash hamda aholi bandligini taʼminlashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgani haqida xabar bergan edik. Yigʻilishda koʻplab rahbarlar lavozimidan ozod etildi hamda davlat rahbari ishdan boʻshatilgan rahbarlar masalasiga toʻxtaldi.

“Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Boʻtayev, Soliq boshqarmasi boshligʻi Bozorov, Markaziy bank boshqarmasi boshligʻi Rajabov, Navoiy viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Hasanov, Markaziy bank boshqarmasi boshligʻi Saidov, Soliq boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muhammediyev lavozimidan ozod etilsin.

Biror yerda ishlamasin. Bular bilishi kerak shuncha oylik berib, shuncha harakat qilganimga, bu siyosatga xiyonatchi bular.

Shu bilan birga, Ulugʻnor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod, tumanlari hokimining birinchi oʻrinbosarlari, Andijon, Oltinkoʻl, Olot, Qorakoʻl, Oqoltin, Chilonzor, Moʻynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shahridagi soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan boʻshatiladi.

Ishdan boʻshaganlar ishlagan davrida olgan oyligining hammasini davlatga topshirsin. Televizorda rasmini chiqarib, xiyonatchi deb berish kerak. Xalq bilishi kerak kim bular. Siyosatga qarshi ekanini hammasini», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib oʻtamiz, yigʻilishda Qashqadaryo viloyat hokimi Zoir Mirzayev va Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunovga “hayfsan” berilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?