Sirdaryolik olimlar yaratgan anor navining afzalligi nimada?

11:51 04 Iyul 2022 Jamiyat
337 0

Foto: Xalq so‘zi

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida “Bek mashhur eksport” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan patogensiz, viruslardan xoli, yaʼni kasalliklarga chalinmaydigan anor koʻchatlari tayyorlanmoqda.

Gap shundaki, Guliston davlat universiteti professori, biologiya fanlar doktori X.Qushiyev rahbarligidagi bir guruh olimlar tomonidan patogensiz, kasallikka chidamli “Qoraqayin” anor navi yaratildi. Shu bilan birga mazkur nav viloyatning shoʻrlanish darajasi har xil, hatto yuqori boʻlgan ekin maydonlariga ham moslashtirilgan. Laboratoriya sharoitida invitro usulida yaratilgan “Qoraqayin” anor navini koʻpaytirish loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirildi. Loyiha doirasida “Qoraqayin” anor koʻchatlari Sirdaryo tumanidagi Navoiy mahallasi aholisiga ham bepul tarqatildi.

— Albatta, yangi navdan olinadigan hosil ekologik jihatdan toʻla-toʻkis toza boʻladi, — deydi Guliston davlat universiteti dotsenti, biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Farogʻat Ergasheva. — Bu esa uning eksport imkoniyati yuqori boʻlishini kafolatlaydi. Qayta ishlashdan olingan mahsuloti ham aʼlo sifatda boʻladi.

Maʼlumot uchun. Viloyatda anorning poʻstlogʻi danagigacha, yaʼni toʻliq qayta ishlash boʻyicha samarali natijalarga erishilmoqda. Xususan, bir necha yildirki, Mirzaobod tumanidagi “Dehqonobod asl anori” MCHJ tomonidan anor sharbati ishlab chiqarilayotir.

Ahmadali SHERNAZAROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?