Sirdaryolik aktyorlar xalqaro teatr festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etdi

14:22 19 Iyun 2025 Jamiyat
229 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi Tatariston Respublikasining Qozon shahrida oʻtkazilgan XVII “Nauruz” turkiy xalqlar teatrlarining xalqaro festivalida ishtirok etdi.

Nufuzli sanʼat bayramida teatr jamoasi Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim asari asosida sahnalashtirilgan “Alpomish” spektaklini tomoshabinlar eʼtiboriga havola qildi. Namoyish G.Kamol nomidagi Tatar davlat akademik teatrining yangi binosida boʻlib oʻtdi.

— “Nauruz” festivali har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan yirik va anʼanaviy sanʼat tadbiri hisoblanadi, — deydi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining isteʼdodli yosh aktyori Qandiyor Rustamov. — Teatrimiz mazkur festivalda avval ham ishtirok etgan, bu galgi safar esa ikkinchi ishtirokimiz boʻldi. Quvonarlisi, spektaklimiz tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi va festival hayʼati tomonidan yuqori baholandi.

Soʻnggi yillarda Sirdaryo teatri jamoasining xalqaro ijodiy safarlari kengayib bormoqda. Bungacha jamoa Qozogʻiston Respublikasida gastrolda boʻlgan. Maʼlum qilinishicha, yaqin kelajakda Turkiya Respublikasiga ham gastrol safari rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?