Talafot oqibatlari jadallik bilan bartaraf etilmoqda

19:12 20 May 2020 Jamiyat
324 0

Sardoba suv omborining oʻpirilib ketishi, buning natijasida Sirdaryo viloyatining ayrim aholi punktlariga zarar yetgandi, ayni vaqtda talafot oqibatlari jadallik bilan bartaraf etilmoqda.

Ushbu noxush voqeani eshitgan har bir yurtdoshimiz borki imkoniyat darajasida sirdaryoliklarga yordamga shoshildilar, ogʻir damlarda ularning dardiga sherik boʻlishdi. Ayniqsa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning voqea joyida boshpanasiz qolgan yuzlab oilalarning holidan bir necha marta xabar olishi, talafotdan zarar koʻrgan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari aholisiga oʻz vaqtida koʻrsatilgan ruhiy hamda amaliy koʻmak boʻldi.

Voqeaning dastlabki kunlaridanoq respublikamizning boshqa viloyatlarida istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz Sirdaryo xalqiga saxovat va madad koʻmagini joʻnatishni boshlab yuborishdi. Birin-ketin oʻnlab saxovat karvonlari turli hududlardan belgilangan manzilga yetib keldi. Hukumat miqyosida zudlik bilan koʻrilgan chora-tadbirlar, Bosh vazirning talofat oqibatlarini bartaraf qilish komissiyasi rahbari etib tayinlanishi ham tushkun qalblarga malham boʻldi.

Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Qurilish vazirliklari, Milliy gvardiya xodimlari hamda mamlakatimizning barcha viloyat, shaharlaridan kelgan minglab koʻngillilarning bir yoqadan bosh chiqarib amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari tufayli Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari aholisi qalbida ertangi nurli kunlarga ishonch paydo boʻldi.

Ayniqsa, Vatan himoyachilari boʻlmish harbiy xizmatchilarning joylarda amalga oshirayotgan ishlaridan aholi va quruvchilar mamnun ekanligi kuzatilmoqda. Barcha harbiy okruglardan kelgan harbiylar tozalash ishlarini tartibli va tezkorlik bilan olib borishi natijasida qurilish jamoalarining qurilish hamda taʼmirlash jarayoniga kirishishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, mudofaa vaziri hamda boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlarning masʼul rahbarlari talafotdan jiddiy zarar koʻrgan Sardoba tumanining Qoʻrgʻontepa mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, bu yerda olib borilayotgan taʼmirlash va tiklash ishlarini bevosita kuzatishdi. Maʼlumki, Qoʻrgʻontepa mahalla fuqarolar yigʻinida 166 ta xonadon turarjoylarini taʼmirlash ishlari tashkil qilingan. Mazkur taʼmirlash ishlariga Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari, Navoiy hamda Xorazm viloyatlaridan kelgan quruvchilar va koʻngillilar jamoalari jalb etilgan. Oʻz navbatida harbiy xizmatchilar, qurilish va koʻngillilar jamoalari Qoʻrgʻontepa mahalla fuqarolar yigʻini aholisining oʻz yashash joylariga tezroq qaytishi uchun tunu kun mehnat qilishlarini taʼkidladilar.

Eʼtiborli tomoni shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham Qoʻrgʻontepaga tashrif buyurgandi va taʼmirdan chiqqan dastlabki uylarni koʻzdan kechirgandi. Davlatimiz rahbari uy-joylarni xatlovdan oʻtkazish, tozalash, taʼmirlash, tom yopish, pardozlash, boʻyoqlash, jihozlash, hovlilarni tartibga keltirish, obodonlashtirish, pol ishlari, devor va qoʻshimcha binolar qurilishi, isitish tizimi, elektr, ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha loyihalar yuzasidan kerakli maslahatlar berdi. Talafotdan keyin olib borilgan ishlardan soʻng oʻz uylariga qaytgan fuqarolarga yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Qisqa qilib aytganda, Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida talafotdan zarar koʻrgan yoʻllar, koʻpriklar, aholi turarjoylari qaytadan taʼmirlanmoqda, bunyod etilmoqda. Oʻz navbatida bu kabi eʼtibor natijasida boshpanasidan ajralgan fuqarolarda sinovli kunlarni tezroq unutib, kelajakka ishonch bilan qarashga undayapti.

Tez fursat ichida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari nafaqat Sirdaryoda, balki butun Oʻzbekiston miqyosida yangicha koʻrinishda boʻy koʻrsatishga ishonib qolamiz. Negaki, viloyatning bu tumanlarida bunyod etiladigan binolarda poytaxtning salobatiyu, Fargʻona vodiysi shaharlarining goʻzalligi, Samarqand, Buxoro, Xorazmning tarixiy anʼanalarga uygʻunlashgan timsoli va boshqa viloyat hamda shaharlarning tarovati aks etishi shubhasiz. 

Asror ROʻZIBOYEV,
jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?