Sirdaryoda yuz yoshli daraxtlar bor

Foto: Xalq so‘zi
Yurtimizning turli goʻshalarida bir necha asrlarni qaritgan daraxtlar borku, xoʻsh, nima boʻpti, dersiz. Gap shundaki, Mirzachoʻlni yoppasiga oʻzlashtirish boshlanganiga endi oltmish yildan oshdi, biroq bir paytlar asosiy qismi choʻlu biyobonlardan iborat boʻlgan bu hududda yuz yoshga toʻlgan daraxtlarning borligi alohida eʼtiborni tortadi.
Yaqinda Sirdaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari Sardoba tumanidagi Fayzulobod mahallasida hamda Xovos tumanidagi Doʻstlik mahallasi hududida ana shunday katta yoshdagi chinor va tutni aniqlab, xatlovga oldi.
— Xatlovga olishdan maqsad ushbu daraxtlarning muhofazasiga, parvarishiga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirishdan iborat, — deydi boshqarma boʻlimi boshligʻi Sherzod Shodiyev.— Shuningdek, viloyatimiz hududida 60-70 yillik daraxtlar ham koʻp. Ularning muhofazasi va parvarishi doimiy nazoratga olingan. Masalan bunga Shirin shahridagi tarixiy Farhod GES qurilishi vaqtida ekilgan daraxtlarni misol keltirish mumkin.
Mirzachoʻl deganda saksovul, yulgʻun kabi nabotot turlari koʻz oldimizga keladi. Xoʻsh, sobiq choʻl nabototini eslatuvchi mazkur turlar hali ham mavjudmi? Bilishimizcha, ayni chogʻda Sirdaryo boʻyida 20 tupga yaqin saksovul bor ekan. Yulgʻunzorlar esa serob. Uni zovur boʻylari, ekin maydonlaridan tashqari yerlarda – deyarli viloyatning har bir hududida koʻrish mumkin. Binobarin ushbu butazorlar muhofazasi ham qatʼiy nazorat qilinmoqda.
Sherzod Shodiyevning aytishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilayotgan nihollar tarkibiga saksovul, jiyda kabi daraxtlar ham kiritilgan. Bu, albatta, bioxilma-xillikni taʼminlash barobarida Mirzachoʻlning oʻtmishdagi tabiati haqida tasavvur hosil qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Shu maʼnoda taklif tugʻiladiki, yaʼni viloyatning biror hududida saksovulzor va, umuman, Mirzachoʻlda oʻsgan nabotot turlari boʻyicha plantatsiya barpo etish kerakdir. Va kelgusida bu plantatsiya choʻl tarixidan bir parcha sifatida ekoturizm maskani boʻlib qolar, ehtimol.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
- Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda
- Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring