Sirdaryoda yana bir gigant elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi

08:27 28 Noyabr 2023 Jamiyat
413 0

Bundan deyarli ikki yil avval, yaʼni   2021-yilning yanvar oyida Boyovut tumani va Shirin shahri hududlarida, gigant elektr korxona – Sirdaryo IES yaqinidagi 85 gektarlik maydonda qiymati 1,1 milliard dollarga teng boʻlgan 1500 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishiga tamal toshi qoʻyilgan edi. Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi sarmoyasi hisobiga bunyod etilayotgan ushbu nurxona kuni kecha yagona elektr tarmogʻiga ulandi.

Shuningdek, yaqinda mazkur bugʻ-gaz elektr stansiyasiga ajratilgan yerning 30 gektarida yangi elektr korxonasida ishlab chiqariladigan elektrni uzatadigan podstansiya ham ishga tushirildi. Mazkur stansiya kelgusida xorijiy hamkorlar bilan quriladigan yana bir issiqlik elektr stansiyasiga ham xizmat koʻrsatishi moʻljallangan.

Yangi korxonaning mamlakatimiz yalpi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmiga qoʻshadigan hissasi ancha salmoqli. Korxonaning 1500 megavatt quvvati bilan Samarqand, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qoplanadi. Shuningdek, Toshkent viloyati va boshqa hududlardagi bir necha yirik sanoat obyektlarining uzluksiz energiya bilan taʼminlanishi ham mustahkam kafolatlanadi. Umuman mazkur issiqlik elektr stansiyasi loyihasi 3 milliondan ziyod xonadon va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qoplashga imkon beradi.

Aytish lozimki, yangi issiqlik elektr stansiyasi zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalari bilan jihozlanishi tufayli uning ishlab chiqarish samaradorligi amaldagidan 1,7 barobar yuqori. Yana bir eng muhim jihati, shartli miqdor hisobida tabiiy gaz 40 foizga kam   sarflanadi. Korxona uskunalari jahonning turli mamlakatlariga mansub. Deylik, ayrim uskuna va jihozlar Xitoy, bugʻ turbinalari Germaniya, gaz turbinalari esa Yaponiyaning mashhur kompaniyalarda ishlab chiqarilgan.

Korxona quruvchilarining asosiy qismi mahalliy quruvchi–mutaxassislar, ishchilardan iborat. Nurxona ishlab chiqarish jarayonida ham asosan yurtimiz mutaxassislari faoliyat yuritadi.

— Kelgusida korxonamiz jamoasi toʻliq mahalliy mutaxassislardan iborat boʻladi, — deydi“NOMAC” kompaniyasi bosh direktorining ekspluatatsiya boʻyicha oʻrinbosari Alisher Musayev. — Buning uchun ayni chogʻda kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratganmiz. Deylik, nomzod agar mutaxassis boʻlsayu, ingliz tilini bilmasa, til oʻrganishini tavsiya qilayapmiz. Aksincha, ingliz tilini toʻliq bilsayu, mutaxassislik boʻyicha mukammallik darajasiga yetmagan boʻlsa, malakasini oshirishga yoʻnaltiryapmiz. Hozirda ayni talablar asnosida korxonamiz uchun Shirin shahridagi energetika kollejida yangi kadrlar tayyorlanmoqda.

Shuningdek, 20 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis Saudiya Arabistoni,Turkiya va Omon (Ummon)da malaka oshirib keldi.

— Avval Navoiy issiqlik elektr stansiyasida ishlaganman, — deydi yosh injener-energetik Shuhrat Valiyev. — Shu bois, sohada birmuncha tajriba va malaka oshirganman, desam xato boʻlmaydi. Lekin yangi “Sirdaryo” issiqlik elektr stansiyasi qurilmalari soʻnggi turkumdagi eng zamonaviy uskunalar hisoblanadi. Bir necha davlatlarda amaliy-nazariy jihatdan malaka oshirib kelgach, ularni boshqarish boʻyicha yetarli koʻnikma va bilimga ega boʻldik. Stansiyada ishlayotganlarning asosiy qismini oʻz ishining ustasi boʻlgan va shunga astoydil harakat qilayotgan yoshlar tashkil etadi. Bu yurtimizda zamonaviy energetika resurslari yaratilishi barobarida koʻplab malakali energetik mutaxassislar ham yetishib chiqayotganidan dalolatdir.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, yangi issiqlik bugʻ-gaz elektr stansiyasi qisman Shirin shahrida joylashgani eʼtiborga olinsa, ushbu navqiron kent tom maʼnoda mamlakatimiz energetika markazlaridan biriga aylanmoqda deyish mumkin. Negaki, bu yerda oʻtgan asrning oʻrtalarida Farhod GESi qurilgan va u ayni paytda yangilangan holda avvalgidan-da koʻproq tok hosil qilayotgan boʻlsa, bugʻ-gaz stansiyasining shundoq yonida ulkan nurxona –Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi gurillab ishlab turibdi. Shuningdek uning hududida foto quyosh elektr stansiyasi ham mavjud. Yaqin yillarda esa ushbu hududda xorijiy investorlar hamkorligida yana bir yirik elektr stansiyasi qurilishi belgilangan.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?