Sirdaryoda Vatanimiz bayrogʻi sharaflandi

11:41 18 Noyabr 2020 Jamiyat
663 0

Gulistonda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi” toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganining 29 yilligi bayram tadbirlari harbiy texnikalarning markaziy koʻchalardagi paradi bilan boshlandi. Soʻngra avtomobillar va mototsikllarda hamda Milliy gvardiyaning otliq otryadi tomonidan mamlakatimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan holda olib oʻtildi.

Anʼanaga koʻra “Yurt bayrogʻi” maydonidagi 60 metrlik flagshtok poyida “Bayrogʻimiz- faxrimiz” deb nomlangan tadbir ham oʻtkazildi.

Unda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev barchani Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 29 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

Davlat Madhiyasi sadosi va qarsaklar ostida tinchlik,xotirjamlik ramzi sifatida yuzlab sharlar va kabutarlar uchirildi.

— Bayrogʻimizni Vatanimiz taraqqiyoti yoʻlidagi mangu oʻchmas mayoq deb bilaman, — deydi Guliston davlat universiteti talabasi Yorqinjon Hayitboyev. — U xalqimizning orzu –umidlari, ajdodlarimiz anʼanalarini, vatanparvarlik va yurtga sadoqat tuygʻularini oʻzida mujassam etgan. Bugun yurtdoshlarimizning bayrogʻimizni qanchalar sevib ardoqlashini yana bir bor yurakdan chuqur his etdim, xalqimizning hamjihatligidan koʻnglim gʻururga toʻldi.

Shuningdek qutlugʻ sana doirasida koronavirus pandemiyasi talablariga qatʼiy rioya qilingan holda Alisher Navoiy nomli “Bilimdonlar maskani”da madaniy-maʼrifiy, adabiy-badiiy tadbir ham tashkil etildi.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?