Sirdaryoda “suvchilar maktabi” ochildi

18:02 05 Fevral 2024 Jamiyat
232 0

Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli Guliston suv inshootlari va “Doʻstlik” kanali boshqarmasi binosida Suv xoʻjaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va “Agrobank” ATB koʻmagida “Suvchilar maktabi” ochildi.

— Ushbu loyihani amalga oshirishda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlari tajribalari oʻrganildi, — deydi “Suvchilar maktabi” menejeri Toʻlqin Kamalov. — Oʻquv dasturlari xorijiy tajriba asosida takomillashtirilib, suv resurslari, undan oqilona va samarali foydalanishda yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ekin maydonlaridan yuqori hosil olish bilan bogʻliq oʻquv dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Maktabda fermer xoʻjaliklari, agroklaster hamda suv xoʻjaligi xodimlari uchun 5 kunlik oʻquv mashgʻulotlari olib boriladi. Amaliy mashgʻulotlarga borish-kelish uchun maxsus jihozlangan mikroavtobus ham keltiriladi.

Oʻquv dasturlari ikki bosqichda amalga oshirilib, birinchisida tinglovchilar suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bilan boʻyicha malakasini oshirsa, ikkinchi bosqichda Prezidentimizning 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasidagi amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etib, oʻz tajribalarini orttiradilar.

Oʻquv-mashgʻulotlarni oʻtishga suv xoʻjaligi tizimida katta tajribaga ega mutaxassislar, “Agrobank” ATBning malakali xodimlari, loyihaga aloqador oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlaridan mutaxassis-ekspertlar jalb qilindi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?