Sirdaryoda mamlakatimiz yoshlarining “Bagʻrikeng Oʻzbekiston –umumiy uyimiz”festivali boshlandi

15:49 11 Iyun 2021 Jamiyat
519 0

Bugun Guliston shahrida Oʻzbekiston yoshlarining “Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida «Bagʻrikeng Oʻzbekiston - umumiy uyimiz» millatlararo doʻstlik festivali boshlandi.

Festival shaharning markaziy- Oʻzbekiston koʻchasi boʻylab sirdaryolik va butun mamlakatimiz hududidan tashrif buyurgan yoshlarning tantanali paradi bilan start oldi.

Alisher Navoiy nomli “Bilimdonlar maskani”da oʻtgan tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayevning festival ishtirokchilariga tabrik soʻzi tinglandi.

Soʻngra turli millat vakillari nomidan hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyilib, bashariyatning ulugʻ shoiriga ehtirom koʻrsatildi.

Festivaldan oʻnlab rang-barang dasturlar ,xususan koʻrgazmalar, konsertlar, koʻngilochar tadbirlar oʻrin olgan. Katta tantana arafasida, yaʼni kecha “Eʼtibordasizlar” loyihasi asosida barcha shahar va tumanlardagi uyda taʼlim olayotgan nogironligi bor yoshlar holidan xabar olindi. Bunday xayrli ish festivalning birinchi kunida ham davom ettirildi.Kamtaʼminlangan oilalarning ellik nafar farzandiga sunnat toʻyi qilib berildi, ularning har biriga velosiped tortiq qilindi.

Shuningdek, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kirgan 500 nafar yosh xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar berildi.

Festival tadbirlari davom etmoqda.

Ahmadali SHERNAZAROV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?