Sirdaryoda “Call Center”da ruhshunoslar ham faoliyat koʻrsatmoqda

16:56 17 Iyul 2020 Jamiyat
361 0

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali qoshida tashkil etilgan “CaII Center”ning 67 226 10 03 telefon raqamiga uzluksiz murojaatlar boʻlib turibdi. Barcha murojaatlarga tegishli maslahatlar berilmoqda. Markazga Guliston davlat universitetidan 5 nafar psixolog ham jalb etilgan.

Shuningdek, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialida tana harorati koʻtarilgan bemorlar uchun alohida boʻlim tashkil etildi.

— Qabul boʻlimimizdagi “filtr”da saralangach, tana harorati bor bemorlar ushbu boʻlimga joylashtiriladi va ularga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatiladi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali direktori Sanjar Xudoyberdiyev. — Ayni vaqtda “COVID-19” virusiga PZR tahlili olinadi. Javob natijasi chiqqunga qadar bemor izolyatorda alohidalanadi. Tahlil “manfiy” chiqqanda, bemorlar tegishli boʻlimlarga, natija “musbat” koʻrsatsa maxsus belgilangan shifoxonaga oʻtkaziladi. Izolyatorda alohida shifokor, oʻrta va kichik tibbiy xodimlarning kechayu kunduzlik posti tashkil etilgan. Bemor umumiy holatining ogʻirlik darajasiga qarab reanimatsion post ham mavjud. Bu ishlarga jalb etilgan shifokor, oʻrta va kichik tibbiy xodimlarining boshqa hamkasblari, oilasi bilan muloqotini cheklash maqsadida bemorning ahvoli oʻzgargunga qadar navbatchilikni almashtirmasdan uzluksiz holda ishlashlariga toʻgʻri kelmoqda. Shuning barobarida shifoxonamizning reanimatsiya boʻlimlarida boshqa kasalliklar bilan davolanayotgan ogʻir ahvoldagi bemorlarga ham oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, koronavirus pandemiyasi sharoitida biz, tibbiyot xodimlarining ish yuklamasi ortdi. Albatta va eng muhimi,jamoamiz har bir aʼzosining kasbiga, zimmasidagi vazifasiga boʻlgan masʼuliyati ham.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filiali maʼmuriyati maʼlumotiga koʻra viloyat tez tibbiy yordam tizimida 89 ta avtomashina mavjud. Oʻtgan yil bilan solishtirilsa chaqiriqlar soni oxirgi uch oylikda 2019-yilga nisbatan 25 foizga ortgan.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?