Sirdaryo viloyati hokimligi “Nega men 40 millionga haqli emasman?” sarlavhali xabar yuzasidan munosabat bildirdi
Hozirgi axborot davrida ayrim qoʻshtirnoq ichidagi ijtimoiy tarmoqlar tomonidan fuqarolarni muammolarini hal qilishda amaliy yordam beramiz deb axborot yigʻish, bir tomonlama oʻrganilgan asossiz maʼlumotlarni tarqatish holatlari koʻp uchramoqda. Jumladan, kuni kecha “BBC Uzbek you tube” kanalida tarqalgan mana bu xabarni misol keltirishimiz mumkin.
Ana shunday xabarlardan birida “Nega men 40 millionga haqli emasman?” Saida Rahmatova toshqin uyiga jiddiy zarar yetkazgani, ammo mahalliy masʼullar “Sening uying yaroqli”, deya uni yordamga muhtojlar roʻyxatiga qoʻshmayotganini maʼlum qiladi. “Toʻgʻri, 1-sovxoz, Uchtomdagidek uyimiz qulab ketmagan, lekin hamma joy qulab ketgan. Ogʻilxona, molxona, devorlar qulab ketgan, pollarimiz choʻkib ketgan”, deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda. Rahmatovaning soʻzlariga koʻra, uyiga jiddiy zarar yetmagan ayrim “choʻntagi baquvvat” qoʻshnilariga yordam puli ajratilgan. «Sening uying qulamagan, deydi. Mana, yonimizda fermer – ikki-uchta mashinasi bor odam olgan. Ikki metr devori qulagan. Koʻrib ketishlaring mumkin». U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari uyini kelib koʻrib, oilaning yordam muhtoj ekanligini eʼtirof etib ketgan boʻlsa ham, mahalliy hokimlik bunday fikrlarni inobatga olmayotganini iddao qiladi" deya keltirilgan.
Ayni sarlavhadagi kabi mazmundagi xabarlar bu kabi ijtimoiy tarmoqlarning tegirmoniga suv quyayotgani va tom maʼnoda quroliga aylangan desak mubolagʻa boʻlmaydi. Dono xalqimizni bir naqli bor “doʻppini olib oʻylash kerak” bu haqiqatmi yo boʻhtonmi?
Sirdaryo viloyati Sardoba suv ombori toshqinida talofat koʻrgan Oqoltin tumani “Ahillik” mahalla fuqarolar yigʻinidagi mavjud uy-joylarni suv toshqinidan keyingi holatini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha tuman Kengashining 8/32-06 sonli qarori asosida Oqoltin tuman hokimi oʻrinbosari O.Abdullayev rahbarligidagi tuman Kengashi deputatlari, tuman moliya, kadastr va bandlikka koʻmaklashish markazi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan “Mirzachoʻl” koʻchasidagi 14 ta xonadon, “Tutzor” koʻchasidagi 3 ta xonadon, “Birlashgan” koʻchasidagi 13 ta xonadon, “Tiklanish” koʻchasidagi 4 ta xonadon, “Birlik” koʻchasidagi 3 ta xonadon, “Xaloskor” koʻchasidagi 1 ta xonadon qayta xatlovdan oʻtkazilib oʻrganilganda, ushbu xonadonlarga toshqin natijasida xonadonlarning tomorqasiga suv kirgan boʻlsa-da zarar koʻrmaganligi, fuqarolar tomonidan zarar koʻrmagan boʻlsa-da 40 mln soʻmlik sertifikat talab qilishayotganligi aniqlandi. Ishchi guruhi hamda mutaxassislarning xulosasiga koʻra ushbu xonadonlar talofat koʻrmagan deb topilgan.
Jamolova Shahnoza xonadoni. Ushbu xonadon ishchi guruhi tomonidan oʻrganilganda, xonadon egasi Jamolova Shahnoza suv toshqinidan 15 kun oʻtib, yaʼni joriy yilning 16-may kuni qurilishi bitmagan xonadonga 40 mln soʻmlik sertifikat undirish maqsadida kelib joylashadi, bundan maqsad qurilish ishlarini yakuniga yetkazib olib, oʻzining moddiy manfaatini koʻzlagan.
Bu kabi holat Rahmatova Saida xonadonida ham kuzatildi. Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan surishtiruvga koʻra ushbu devor toshqindan ancha oldin ham shunday holatda boʻlganligini qoʻshnilari ham tasdiqlashdi.
Taʼkidlash joizki ushbu oilalar davlatimiz tomonidan doimiy eʼtiborda boʻlib, moddiy koʻmak olib kelganiga qaramay oʻzi ishonch bildirib saylagan mahalla raisini, gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelgan mahalliy hokimiyatni yomon otliqqa chiqarayotganligini nima bilan izohlash mumkin.
Boqimandalik kayfiyati vujudimizga oʻrnashib qolmaganmikan? Baʼzi fuqarolarimiz hammasiga masʼul rahbarlarni ayblashga oʻrganib qolgan. Barcha muammolarni “tepadagilar” hal qilib berishi kerakdek, goʻyo.
Ushbu masalalar Sirdaryo telekanali ijodkorlari tomonidan tasvirga olish ishlari davomida yana-da oydinlik kiritilib, ayrim nopok insonlarning asl maqsadi davlat tomonidan ajratilayotgan mablagʻlardan shaxsiy ehtiyoj yoʻlida foydalanib qolish ekanliklari toʻliq oʻz isbotini topdi.
VVS tomonidan bu boʻyicha eʼlon qilingan maqoladagi videolavhalar ham eski holatdagi tasvirlar boʻlib, mazkur holatda ushbu OAVni muxbiri hozirgi holatni joyiga borib haqiqiy tasvirlarni taqdim etmasdan, obyektiv yondoshmaganligi oʻrganishlar davomida maʼlum boʻldi.
Bundan yaqqol koʻrinib turibdiki, vaziyatni boʻrttirib koʻrsatish uchun eski tasvirlardan foydalanilgan. Shu orqali muxbir tomonidan asl holat tasvirlanmasdan, yolgʻon maʼlumotlar yoritilgan.
Sardoba suv toshqinida shuni guvohi boʻldikki, muhtaram Prezidentimiz atrofida butun xalqimiz birlashdi, oʻzbek xalqidek bir-biriga suyanchiq, yelkadosh, ogʻir kunida koriga yaraydigan xalq ekanligimizni yana bir bor isbotladik.
Guruch kurmaksiz boʻlmagani kabi mana bunday shukronalik kayfiyatidan yiroq boʻlgan fuqarolarimizning uchrayotgani kishining dilini xira qiladi. Xulosa qilish oʻzingizdan...
Sirdaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Berlinda Navroʻz: Yangi Oʻzbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi munosib taqdimoti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring