Sirdaryo va Namangan viloyatlarida firibgarlik holatlari aniqlandi

19:34 19 Oktyabr 2020 Jamiyat
270 0

Hayotda shunday insonlar borki, ular birovning haqqidan qoʻrqmaydilar. Qilayotgan ishlari noqonuniy ekanligini bilsalar-da jinoyatim fosh boʻlmaydi deb uylaydilar yoki “Bolta tushguncha, kunda dam olar” qabilida ish koʻradilar. Jinoyatlar albatta fosh etiladi, jinoyatchilar esa oʻz jazosini oladi.

Sirdaryo viloyati uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi, “Taʼmirlash-tiklash xizmati” DUKda bosh mutaxassis boʻlib ishlovchi, 1986-yil Sirdaryo viloyatida tugʻilgan fuqaro, Mirzaobod tumanida oʻzining nomiga tashkil qilingan anorchilikka ixtisoslashtirilgan “Nuriddin asl mevalari” fermer xoʻjaligining 2,7 gektar yer maydonini tuman hokimligidagi tanishlari orqali Guliston tumanida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 66 mln. soʻm olgan vaqtida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari jinoyat ustida qoʻlga olindi.

Yangiyer shahridagi «Antilyuks» MCHJda ish yurituvchi vazifasida ishlovchi, 1979-yil Sirdaryo viloyatida tugʻilgan fuqaro hokimiyat, bank va kadastr tashkilotlarida ishlovchi tanishlari orqali Yangiyer shahrida yashovchi fuqaroga imtiyozli ravishda namunali uy olib berishini va xususiy bogʻcha qurish uchun 
10 sotix yer maydoni ajratishda amaliy yordam koʻrsatishni vaʼda qilib, buning uchun 2500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Oʻzbekiston Temir yoʻllari AJga qarashli «Oʻzvagontaʼmir» AJ “Xovos vagonlarni taʼmirlash deposi” ishchisi temir yoʻl sohasida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Toshkent temir yoʻl vokzalining qoʻriqlash otryadiga ishga kiritib qoʻyish evaziga 2 000 AQSH dollari olgan vaqtida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Shuningdek, Namangan davlat universiteti doktoranti, 1987-yil Chust tumanida tugʻilgan shaxs mahalliy fuqaroni 2 000 AQSH dollari evaziga Qirgʻiziston Respublikasi OTMlarining biriga oʻqishga kiritib qoʻyishini hamda 2021-2022 oʻquv yilida Namangan DUga oʻqishini koʻchirtirib berishini aytib turmush oʻrtogʻi vositachiligida soʻralgan pulni olgan vaqtida DXX Namangan viloyati Boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Bu hali hammasi emas, eng achinarlisi, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etayotgan bir vaqtda, u oʻzining jinoiy qilmishlarini davom ettirdi. Aniqrogʻi boshqa bir fuqaroga Ukraina davlatining Xarkov milliy universitetidan oʻqishini Namangan DUga koʻchirtirib berishini vaʼda qilib, buning uchun 800 AQSH dollari va 2 mln soʻm olgan vaqtida qoʻlga olindi.

Bundan tashqari, ushbu fuqarodan oldin ham 2000 AQSH dollari olganligi maʼlum boʻldi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?