Sirdaryo tumani hokimligi masʼullari va boshqa rahbarlar aks etgan videolavhadagi holat 2020-yilda roʻy bergan — rasmiy munosabat

22:07 13 Iyun 2021 Jamiyat
3034 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sirdaryo tumani hokimligi masʼullari va davlat tashkilotlari rahbarlari aks etgan videolavha yuzasidan Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

«Videolavhada aks etgan jarayon 2020-yil oktyabr oyining oʻrtalarida taxminan kech soat 21:00da (ishdan tashqari vaqtda) Sirdaryo tumanidagi «Yevro Aziya» restoranida yuzaga kelgan.

Ishdan tashqari vaqtda boshqa fuqarolar singari restoranga ovqatlanish uchun borgan masʼullar — tuman hokimi oʻrinbosari (oʻsha vaqtda tuman hokimi yordamchisi), tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi, tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha Sirdaryo tumani inspeksiyasi bosh mutaxassis-davlat inspektori, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi rahbari hamda Sirdaryo tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari boʻlgan.

Mazkur shaxslar oʻtirgan xonaga restoranda xizmat koʻrsatayotgan «Shov ballet» raqqosa qizlari kirib kelgan. Raqqosalarning kutilmaganda kirib kelishi ularga maʼqul kelmagan. Shu sababli raqqosalarga pul berilgan va xonani tark etishi soʻralgan. Natijada videodagi holat yuzaga kelgan.

Holat yuzasidan restoran maʼmuriyati bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Masʼul xodimlarga jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilgan holda davlat xizmatchisi sifatida namuna koʻrsatishlari lozimligi eslatib oʻtildi. Shuningdek, lavozimdan ozod etish kabi qatʼiy chora qoʻllanilishi belgilandi» deyiladi viloyat axborot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?