Singapur oʻzining turli sohalarni rivojlantirish boʻyicha erishgan tajriba va muvaffaqiyatlarini Oʻzbekiston bilan baham koʻrishga tayyor — Elchi Zulkifli bin Baharudin

19:25 16 Yanvar 2023 Siyosat
586 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi munosabati bilan Singapurdagi “Sun Media Pte. Ltd” noshirlik uyi bilan hamkorlikda Singapurning mamlakatimizdagi elchisi (qarorgohi Singapurda) Zulkifli bin Baharudin bilan suhbat uyushtirildi.

— Siz qator yillar davomida Singapurning Oʻzbekistondagi elchisi sifatida ishlab kelyapsiz. Diplomatik faoliyatingiz davomida Oʻzbekiston hayotida roʻy bergan qanday oʻzgarishlarga guvoh boʻldingiz?
— Oʻzbekistonni yosh, izchil rivojlanib kelayotgan davlat sifatida bilamiz. Oʻzbekiston buyuk madaniyat, oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari yoʻlida qatʼiy va sobitqadam xalqqa ega boʻlgan mamlakat. Respublikada urf-odatlar, din-eʼtiqod hamda maʼnaviy qadriyatlarga yuksak hurmat bilan munosabatda boʻlishadi va, menimcha, bu fazilatlarni biz singapurliklar yaxshi tushunamiz va qabul qilamiz. Oʻzbekistondan koʻp narsalarni oʻrganishimiz mumkin, shuningdek, oʻzaro baham koʻrishimiz mumkin boʻlgan uygʻunliklar ham mavjud.

Oʻzbekiston, ayniqsa, soʻnggi yillar davomidagi keng koʻlamli islohotlar natijasida yanada jadal rivojlanish yoʻliga tushdi.

— Singapur Oʻzbekiston taraqqiyotiga qanday hissa qoʻshishi mumkin, deb oʻylaysiz?
— Oʻzaro hamkorlik haqida gapirganda, bir jihatni eʼtiborsiz qoldira olmaymiz: ushbu aloqalar kuchli siyosiy irodaga ega boʻlgan munosabatlarga asoslangan. Siyosiy xayrixohlik iqtisodiy imkoniyatlarga va iqtisodiy imkoniyatlar esa oddiy odamlar oʻrtasidagi anglashuv munosabatlariga aylanmogʻi lozim. Ishonchim komilki, har ikki mamlakat kompaniyalari vakillarida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha intilish katta. Singapur oʻzining turli sohalarni rivojlantirish boʻyicha erishgan tajriba va muvaffaqiyatlarini Oʻzbekiston bilan baham koʻrishga tayyordir. Umuman olganda, Singapur Oʻzbekiston uchun juda muhim xab, deb hisoblayman.

— Hozirgi paytda Oʻzbekistonda Singapur kompaniyalari qanday faoliyat koʻrsatmoqda? Kelgusidagi oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlarini qanday tasavvur qilasiz?
— Singapurning taʼlim, qishloq xoʻjaligi, kimyo, neftni qayta ishlash va boshqa sohalardagi  qator kompaniyalari son jihatdan kam boʻlsada, ular oʻzaro hamkorlikda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda, deb oʻylayman. Ushbu kompaniyalarning muvaffaqiyati boshqa koʻplab kompaniyalarning faoliyatiga yoʻl ochmoqda.

Kelgusida bir qancha ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik koʻlamlarini kengaytirish muhim, deb hisoblayman. Singapurda koʻp yillar davomida “elektron hukumat” tizimi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda va, menimcha, dunyodagi barcha hukumatlar mamlakatni boshqarishda zamonaviy ilgʻor texnologiyalardan samarali foydalanish yoʻllarini topishga harakat qilmoqda. Shu bois har ikki davlat hukumatlari uchun bu yoʻnalishda aloqalarni mustahkamlashda yaxshi imkoniyatlar mavjud.

 Hamkorlikning yana bir yoʻnalishi — xalqlarimizning oʻzaro aloqalarini kengaytirishdir. Singapurliklar Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarga sayohat qilishni xohlaydi. Bu shaharlar Oʻzbekistonning tarixi, madaniyatini oʻrganish, bilish va chuqur anglash uchun juda yaxshi tajriba boʻla oladi.

Yana bir muhim soha — biznes yoʻnalishi. Yaʼni tadbirkorlar uchun Oʻzbekiston izchil rivojlanayotgan davlat sifatida iqtisodiy hamkorlikka ochiq mamlakatdir. Tizimli va keng koʻlamli islohotlarning amalga oshirilayotgani mamlakatda faoliyat olib borayotgan Singapur kompaniyalari uchun yanada yuksalish imkoniyatlarini taqdim etmoqda.

— Oʻzbekiston kompaniyalarining Singapur bozoriga kirishi bilan bogʻliq holat haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz...
— Oʻzbekiston va Singapur tadbirkorlari oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik mavjudki, bu, oʻz oʻrnida, ularning faoliyatini Singapurda tashkil qilishga yordam beradi. Shu bilan birga, biz oʻrtadagi masofani ham hisobga olishimiz kerak. Shunday ekan, koʻp hollarda bu omilni hisobga olib tadbirkorlarning oʻzlari qaror qabul qiladi. Singapur hukumati esa doimo Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari vakillarini ragʻbatlantirish, koʻmak koʻrsatish va ular bilan hamkorlik qilishdan mamnun.

— Singapur Oʻzbekiston Prezidentining tashrifidan nimalarni kutayotgani haqidagi fikrlaringizni bilishni istardik...
— Avvalo shuni aytishim joizki, Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasida uzoq yillik doʻstlik munosabatlari mavjud. Bugun butun dunyo Oʻzbekistonning yuksak taraqqiyotga erishayotganiga guvoh boʻlmoqda. Ayniqsa, bu Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalarida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Kutilayotgan tashrif aynan shunday bir bosqichda tashkil etilmoqda. Bu tashrif singapurliklar uchun Oʻzbekistondagi taraqqiyot jarayonlari, erishilgan natija va  imkoniyatlar haqida kengroq bilish imkoniyati hamdir. Bu nafaqat siyosiy va iqtisodiy jarayonda, balki xalqlarimizning oʻzaro anglashuvi va bordi-keldilari uchun ham faol yoʻl ochadi.

Har ikki davlat rahbarlari oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalari rivojiga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Biz Oʻzbekiston Prezidentining Singapurga tashrifi kelajakda ikki mamlakatning yanada yaqin hamkorligi uchun yangi bosqichni boshlab beradi, deb ishonamiz.
“Дунё” АА/Сингапур.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?