Singapur ishbilarmonlar delegatsiyasi poytaxt hokimligiga tashrif buyurdi

18:46 25 May 2023 Siyosat
380 0

25-may kuni Toshkent shahar hokimligida hokim v.b. Shavkat Umurzoqovning “Middle East Business” kompaniyasining vitse-prezidenti Shahzod Nasim boshchiligidagi Singapur ishbilarmonlar delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Shavkat Umurzoqov mehmonlarni samimiy qarshi olib, bunday katta delegatsiya bilan muloqot qilish u uchun katta sharaf ekanini taʼkidladi hamda mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit haqida gapirdi. Poytaxtimizdagi loyihalarni amalga oshirishda Singapur kompaniyalari faol ishtirok etayotganini qayd etib, Toshkent shahar hokimligi shahar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlar qatorida yanada koʻproq kompaniyalarni koʻrishdan xursand boʻlishini taʼkidladi.

Shahzod Nasim Sh.Umurzoqovga uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, kuni kecha Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yoqubning rasmiy tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Singapur biznes-forumi ikki davlat oʻzaro ishbilarmonlik muloqoti uchun samarali platforma boʻlganini, delegatsiya vakillari muloqotni Toshkent shahar hokimligida davom ettirishdan mamnun ekanligini bildirdi.
Shundan soʻng delegatsiyaning aʼzolari oʻzlari vakillik qilayotgan kompaniyalar faoliyati haqida qisqacha maʼlumot berishdi.

Xususan, “Esco Lifesciences Group” ijrochi direktori Ley Yu Lim kompaniya farmatsevtika uskunalari, asboblari ishlab chiqarish, shuningdek, vaksinalarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.

“Enercon Asia” ijrochi direktori Azxar Otman bergan maʼlumotiga koʻra, kompaniya energiya va quvvatlarni boshqarish boʻyicha kompleks yechimlarni taklif etadi. “Enercon” elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash boshqaruvi orqali ishonchli, xavfsiz va samarali elektr quvvatini bilan taʼminlashga intiladi.

Shuningdek, infratuzilma loyihalari, taʼlim, tibbiyot, moliyaviy menejment, biznes toʻlovlar, elektron tijorat, logistika va hokazolar boʻyicha takliflar bildirildi.

Uchrashuv soʻngida Sh.Umurzoqov har bir soha mutaxassislar tomonidan batafsil oʻrganilishini aytdi va tomonlar amaliy muloqot va hamkorlikni davom ettirishga ham kelishib olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?