Sifatli targʻibot koronavirusga qarshi kurashishga xizmat qiladi

17:52 22 Iyun 2021 Jamiyat
410 0

“COVID-19» deb atalmish baloi ofat nafaqat immunitetimiz, balki irodamiz, sabr-matonatimiz va hatto tafakkurimizni ham sinovdan oʻtkazishni boshlaganiga qariyb bir yarim yil boʻldi.

Oʻzbekiston ham Xitoy va boshqa mamlakatlar qatorida qatʼiy karantin choralarini tatbiq etgan mamlakatlar sirasiga kirdi.

Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurash, uning profilaktikasi va davolash usullari boʻyicha salmoqli tajriba toʻpladi. Bir qarashda urinishlarimiz zoye ketmagandek, shifokorlarning munosib mehnati va karantin qoidalariga rioya qilingani hisobiga ushbu infeksiya bilan kasallanish holatlari kamaygandek boʻldi.

Oʻtgan yilgi karantin cheklovlari bekor qilinib, vaziyat yaxshi tomonga oʻzgarganiga aldanib, aniqrogʻi oʻzimizni oʻzimiz aldab, bu jilovlanmagan ofatni masofa saqlash, oʻzimizni yakkalash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish bilan daf qilishimiz mumkinligini yodimizdan chiqarib qoʻydik, nazarimda. Yoʻqsa shu kunlarda kasallanish darajasi yana keskin oshayotgani haqidagi xabarlar tez-tez qulogʻimizga chalinib qolmagan boʻlardi.

Koronavirus xastaligi hali toʻliq oʻrganilmagan va hozirgi kunga qadar izlanishlar davom etayotgan kasallikdir. Olimlar ushbu kasallik bilan qayta kasallanish mumkinligini inkor etmayapti va ularning fikriga koʻra kasallik immuniteti past, surunkali kasalligi bor va kasallikka qarshi antitanachalari kam boʻlgan bemorlarda uchrashi mumkinligini taʼkidlashmoqda. Izlanishlar ushbu bemorlarda aniqlangan viruslar juda koʻp marotaba mutatsiyaga uchraganini ham koʻrsatmoqda.

Shu bilan birga, taʼkidlanishicha, kasallik yuqishining epidemik jarayon zanjirini uzish uchun aholining kamida 60-70 foizida immunitet mavjud boʻlishi kerak.

Koronavirusga qarshi emlash esa pandemiyani jilovlashga yordam beradi. Vaksinalar immunitet tizimingizni mustahkamlab, cizga yuqishi mumkin boʻlgan viruslarga qarshi kurashishda ishtirok etadi. Biz emlash orqali nafaqat oʻzimizni, balki atrofimizdagilarni ham himoya qilamiz.

Shu bois Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni oʻtkazish algoritmi va alohida tartibi ishlab chiqilgan .

Yaʼni, birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori boʻlgan shaxslar, jumladan 65 yoshdan oshgan qariyalar va keksalar, surunkali kasalliklari bor shaxslar, tibbiyot xodimlari, maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda oliy taʼlim muassasalari xodimlari, aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari emlanishi koʻzda tutildi.

Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi 3 138ta emlash punktlari va 862ta harakatdagi tibbiy brigadalarida birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan tibbiyot xodimlari emlanmoqda.

Bundan tashqari, Respublika maxsus komissiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va ilmiy markazlar olimlari ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat hamda ushbu infeksiya bilan kasallanish holatlarini oldini olishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.

Shu yigʻilishda 50 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolarni hamda oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida bosqichma-bosqich Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan emlash tadbirlarini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari orqali kasallik yana keskin oshayotgani bilan bogʻliq xabarlar bilan tanishar ekanman, maxsus shifoxonalarning aksariyatida keksa onaxon va otaxonlarimiz kasallikning asoratlari bilan kurashayotganini koʻrib, ochigʻi, taʼsirlandim. Axir, xonadonimizga nur, ziyo olib kiruvchi, davralarimizning toʻrida oʻtiruvchi nuroniy otaxon-onaxonlarimizni bunday ogʻir alfozda koʻrishdan boshqa azob boʻlmasa kerak.

Eng yomoni, kasalxonada jurnalistga intervyu berayotgan otaxon-onaxonlarimizning deyarli barchasi oʻz vaqtida vaksinani qabul qilishdan bosh tortgani va emlash mavzusiga jiddiy eʼtibor berishmaganini maʼlum qilmoqda.

Afsuski, jamiyatimizda bilib-bilmay, mutaxassislarning tavsiyasiga amal qilmay, davlat tomonidan qaratilayotgan eʼtiborga bepisand boʻlish, vaksinaning aks taʼsiri haqidagi boʻlar-boʻlmas, shubhali xabarlarga ishonish tendensiyasi yuzaga kelib qolgan.

Bu kabi holatlarning yuzaga kelishi, avvalambor odamlarimizning vaksina va uning turlari, uni qabul qilishning oʻziga xos jihatlari va taʼsirlari haqidagi maʼlumotlarning yetarli emasligi bilan bogʻliq, deb oʻylayman. Shu bois emlashning foydali jihatlari va ularning turlari haqidagi mavzulardagi ijtimoiy reklama, targʻibot-tashviqotni kuchaytirish ishlarini yana-da jadallashtirishimiz lozim.

Inson salomatligidan-da muhim va qimmatli boylik yoʻq. “COVID-19»ni keltirib chiqaradigan virus esa juda oson yuqadi. Xalqimizda ushbu kasallikka qarshi immunitetni shakllantirmay turib, vaksinalarni qabul qilmasdan turib, unga qarshi samarali kurasha olmaymiz.

Odiljon Tojiyev,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?