“Shunqorlar – 2023” musobaqasida Xorazm viloyati jamoasi kubokni qoʻlga kiritdi

16:26 26 Iyun 2023 Sport
1215 0

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Joriy yilning 22-24-iyun kunlari Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” dala oʻquv maydonida “Amir Temur izdoshlari” spartakiadasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Respublika bosqichi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabariga koʻra, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar mahallalarida istiqomat qilayotgan “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlar hamda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dan oʻrin olgan oilalar farzandlari ishtirok etdi.

17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 140 nafar uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlardan oʻtkazildi.

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa aʼzolari Oʻzbekiston harbiy tarixiga doir bilimlarini namoyon etdilar. Shuningdek, jamoalarning fotoalbomlari va vimpellari, “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” mavzusidagi prezentatsiyalari hamda harbiy-vatanparvarlik varaqalari koʻrikdan oʻtkazildi.

“Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar.

“Sport bloki”da jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdilar.

Doʻstona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Respublika bosqichida Xorazm viloyati jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi va Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini oʻzida saqlab qoldi. Oʻtgan yili oʻtkazilgan oʻyinlarda ham ushbu jamoa gʻalaba qozongan edi. Musobaqada ikkinchi oʻrin Navoiy viloyati, uchinchi oʻrin esa Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi.

Yakunda gʻoliblik va faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar aʼzolari “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Eʼtiborli jihati, mazkur oʻyinlar doirasida oʻtkazilgan musobaqalarda yuqori natijalarni koʻrsatgan 11 nafar yigit va qizlar sport razryadlariga ega boʻldilar.

Taʼkidlash joizki, respublika miqyosida oʻtkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!» konseptual harbiy-vatanparvarlik gʻoyasi ostida yoshlarni birlashtirishga mustahkam zamin yaratdi.

“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarini oʻtkazishdan asosiy maqsad yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, chaqiriq yoshidagi oʻsmirlarni Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilishga tayyorlab borish hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?