Shukronalik – inson ziynati, baraka kaliti

14:36 12 Avgust 2022 Jamiyat
399 0

Illustrativ foto

Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz. Bunga isbot uchun misollarni olisdan izlashning aslo hojati yoʻq, har birimiz shundoqqina yon- atrofimizga nazar tashlasak, bas.

El aziz boʻlmaganida shahar yoki tuman markazlarini qoʻying, ovullar, qishloqlar, mahallayu koʻchalar shunchalik obod boʻlarmidi?! Agar el aziz boʻlmaganida sahro ichra soʻlib, xarobaga aylangan Moʻynoq shunday koʻrkam qiyofa kasb etarmidi?! Hatto nomi ham yoʻq boʻlib ketgan Boʻzatov obod boʻlarmidi?! Nukus gullab- yashnab, tumanlar shunchalik oʻzgararmidi?! Birgina Orolboʻyida “Obod qishloq” va “ Obod mahalla» dasturi doirasida 80 dan ortiq qishloq va ovullarning qiyofasi tubdan yangilanarmidi?!

Agar inson aziz boʻlmaganida, odamlarning hayot darajasini yaxshilash, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilarmidi?! “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi ijtimoiy sohada qiyosi yoʻq samarali mexanizmlar hayotga tatbiq etilarmidi?! Agar inson aziz boʻlmaganida, Qoraqalpogʻistonning oʻzida aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida oʻn mingdan ortiq xonadonli uy-joylar qurilarmidi?!

Zamonaviy bogʻchalar, maktablar, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport maskanlariniku, sanab oʻtishga hojat yoʻq, albatta. Lekin bir jihatni aytmaslik mumkin emas.

Yaqin-yaqingacha qoraqalpogʻistonliklar ogʻir jarrohlik amaliyotlari uchun uzoq yoʻl bosib, ne bir ilinjda poytaxtga borar edi. Bugun esa bunday amaliyotlar Nukus shahri, Xoʻjayli, Beruniy tumanlarida oʻtkazilmoqda. Qancha-qancha insonlar sogʻlom hayotga qaytmoqda.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisi”dagi qarorida keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni taʼsirchan usullarda ifoda etish, bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni uyushtirish qayd etildi.

Toʻgʻri, biz bobolarimiz kabi urush va uning oqibatlarini koʻrmadik. Ochlik, qahatchilikni bilmadik. Ammo bizning ham yoshlarga aytib beradigan, ularni bu kunlarning qadriga yetishga undaydigan, daʼvat etadigan xotiralarimiz bor. Zero, biz mustaqillikning dastlabki yillaridagi, hatto yaqin yillargacha davom etgan qiyinchiliklarga guvoh boʻldik.

Masalan, uzoq va yaqin tariximizga daxldor boʻlgan paxta yigʻim-terimi gʻala-gʻovurlarini esga olaylik. Oʻquvchi maktabga borsa, oʻqituvchi paxtada, kasal shifoxonaga borsa, shifokor paxtada, davlat idoralari eshigiga “Hamma paxta yigʻimiga” deb yozib qulf urib qoʻyilgan. Boshingga tosh qulasa ham, dodingni eshitadigan odam yoʻq. Oʻsha paytlar»Shunday kunlar keladi, “Nima muammong bor?” deb uyingga borib, eshigingni taqillatib turishadi», deyishsa kim ishonardi?

Men har doim naqd pul yechib olish uchun bankomatga borsam, bundan olti-yetti yil oldingi bir voqea esimga tushadi. Oʻshanda bir keksa onaxon “Oladiganim ozgina pensiya, u ham plastikka tushadi. Naqd pul qilib oladigan joy yoʻq. Magazinchi yo plastikka savdo qilmaydi, yo uyalmay-netmay faloncha foiz ushlab qoladi”, deb yozgʻirganida, ikkinchi tomonda doʻkondor oʻz muammosini roʻkach qilib bahslashib ketgan edilar. Qoʻlida plastigini tutgancha na naqd pul, na kerak narsasini ololmay, sarson boʻlgan onaxonku bu kunlarni koʻrmay oʻtib ketdi. Bizchi? Hech eslaymizmi, qiyoslaymizmi, choʻntagidagi plastikka xohlagan joyida savdo qilib ketayotgan farzandlarimizga aytib beramizmi?

Eng avvalo, kechagi va bugungi kunimizni solishtirsakkina, hayotimiz qanday oʻzgarganini anglaymiz.

Aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishga qaratilgan dasturlarning ijobiy natijalarini tushuntirib berish, eng avvalo, ijodkorlar, jamoatchilik faollari, biz, xalq vakillarining vazifamizdir. Zero shukronalik – insonning ziynati, baraka kaliti. Shukronalik qoʻlimizdagi neʼmatlarni nafaqat saqlab qoladi, balki ularni yanada ziyoda qiladi.

Nazira Matyaqubova,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?