Shu yilning 6 oyi davomida “Tez yordam”ga 2700 dan ziyod yolgʻon chaqiriq kelib tushdi — SSV

18:45 08 Iyul 2022 Jamiyat
823 0

Bugun yurtimiz “Tez yordam” xizmatida butunlay yangicha tizim yaratilmoqda. Tibbiyotning eng muhim yoʻnalishi boʻlgan mazkur soha malakali kadrlar, zamonaviy tibbiy jihozlar hamda zarur avtotransport vositalari bilan taʼminlanyapti.

Biroq har bir soniya qadri oltinga teng boʻlgan ushbu tizimda chaqiruv manziliga oʻz vaqtida yetib bora olmaslik holatlari hanuz uchramoqda. Bunga asosiy sabab sifatida esa fuqarolar tomonidan boʻladigan yolgʻon chaqiriqlarni keltirish mumkin.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2022-yilning oʻtgan olti oyi davomida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 2727 ta murojaat yolgʻon chaqiriq deb baholangan.

Toʻgʻri, aholimizning tibbiy savodxonligi, shaxsiy masʼuliyati ortib borishi natijasida bu raqamlar yildan yilga kamayib bormoqda. Xususan, yuqoridagi koʻrsatkichni oʻtgan yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, qariyb 525 taga kam ekanini koʻrish mumkin.

— Sir emas, bugungi kunda tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar salomatligini tiklash va ularni ushbu xavfli kasallikdan himoya qilishda katta jonbozlik koʻrsatmoqda, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markazi boʻlim boshligʻi Nasiba Mahmudova. — Ayniqsa, bu jarayonda tez tibbiy yordam xizmat brigadalarining oʻrni beqiyos.

Ammo “Tez yordam”ga har qachongidan-da talab yuqori boʻlgan bugungi pandemiya davrida asossiz va yolgʻon chaqiriqlar uning faoliyatiga soya soladi.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida eng koʻp yolgʻon chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, bu raqam 616 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinda 394 ta chaqiriq bilan Qashqadaryo viloyati joylashgan. Shuningdek, Fargʻona viloyatidan 391 ta, Navoiy viloyatidan 372 ta hamda Toshkent shahridan 320 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?