Shovotda kunduzgi parvarish xizmati markazi ochildi

10:37 17 Iyul 2025 Jamiyat
163 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 2025-yil 1-martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich respublikaning 7 ta hududida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilishi belgilangan.

Xorazm viloyatida Urganch shahri, Urganch va Yangiariq tumanlaridan keyin Shovot tumanida ham shunday markaz ish boshladi. Uning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Yangi markazda nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish, psixologik va ijtimoiy yordam, rivojlantiruvchi mashgʻulotlar va reabilitatsiya xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan.

— Markazning ochilishi nogironligi boʻlgan farzandi bor ota-onalar uchun juda katta yengillik yaratdi, — deydi loyiha tashabbuskori, tadbirkor Gulnora Otayozova. — Avvallari farzandi tufayli doimiy uyda qolishga majbur boʻlgan ota-onalar endilikda mehnat faoliyatiga qaytish, oʻz kasbida ishlab, oilasiga barqaror daromad keltirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Kunduzgi parvarishda bola kun davomida xavfsiz va qulay muhitda boʻladi. Tengdoshlari bilan muloqot orqali ijtimoiy koʻnikmalar shakllanadi, psixologik yordam bilan stress, tushkunlik va ichki toʻsiqlarni bartaraf etishga koʻmaklashiladi va rivojlantiruvchi mashgʻulotlar orqali individual yondashuv asosida bolaning qobiliyatlari rivojlantiriladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinayotgan bunday markazlar nafaqat ijtimoiy xizmat koʻrsatish nuqtayi nazaridan, balki tadbirkorlikning ijtimoiy masʼuliyat bilan uygʻunlashuvi sifatida ham eʼtiborga loyiq. Yil yakuniga qadar bunday markazlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida ish boshlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?