"Shoʻrobod"da nihoyat yangi tibbiyot punkti ish boshladi

12:16 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
308 0

Foto: Xalq so‘zi

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi "Shoʻrobod" mahalla fuqarolar yigʻini hududida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish masalasi anchadan buyon ogʻriqli masala boʻlib kelayotgan edi.

Hududda 51- oilaviy poliklinikaning filiali faoliyat koʻrsatar, ammo oʻtgan asrning 60- yillarida qurilgan bino tamoman eskirgan, taʼmirtalab ahvolga kelib qolgandi.Bu ham kamlik qilganidek, filialda bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun tuzukroq shart – sharoitni ham koʻrmasdingiz.

Nihoyat, shoʻrobodliklarni qiynab kelayotgan masalaga yechim topildi. Bu yerda yangi tibbiyot punkti ochildi. 5,5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mahallada birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash uchun muhim qadam tashlandi. Bu xayrli ish davlatimiz rahbarining “Birlamchi tibbiy – sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirildi. Shu qarorga muvofiq, birlamchi tibbiy – sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan manzillarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilmoqda. Birgina Qorakoʻl tumanida keyingi paytda eng olis manzillar sanalgan Dargʻabogʻi, Oq oltin, Kamolot, Qaymoqchi, Chandirobod singari jami 7 ta mahallada yangi tibbiyot punktlari ochildi.Bu maskanlarda ishlovchi umumiy amaliyot shifokorlari va hamshiralar bemorlar tashvishini yengil qilishmoqda.

“Shoʻrobod”ga kelsak, bundan bir necha oy muqaddam “Xalq soʻzi”ning rasmiy saytida "Shoʻrobodning peshanasi shoʻr shifo maskani" sarlavhasi ostida tanqidiy maqola chop etilgan, mutasaddilar eʼtibori aholini qiynab kelayotgan masalaga qaratilgan edi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?