Shoʻr yuvishga sarflangan suvga soliq hisoblanadimi? — mutasaddilar javob berdi

22:59 23 Fevral 2021 Iqtisodiyot
327 0

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida “Suv resurslaridan samarali foydalanish” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi masʼullari, olimlar, fermerlar hamda mahalliy va markaziy matbuot nashrlari, radio-televideniye, internet jurnalistlari va blogerlar ishtirok qildi.

Tadbirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga oid 2020-yilning 5-dekabrida va 11-dekabrida qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati va ularda belgilangan vazifalar ijrosi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari tanishtirildi.

Tadbirda bu yil Amudaryoning quyi qismi, yaʼni Qoraqalpogʻistonda kutilayotgan suv miqdori, ayni kunlarda oʻtkazilayotgan shoʻr yuvish tadbirlari uchun suv soligʻi hisoblanish yoki hisoblanmasligi kabi savollarga ham javob berildi.

Masʼullarning javoblariga koʻra joriy yilda ham Amudaryoda dastlabki prognozga koʻra suv kam boʻlishi kutilayotgani, lekin bu boʻyicha aprel oyida yana qoʻshimcha prognoz koʻrsatkichlar aniqlanishi aytildi. Shuningdek, hozirda fermer xoʻjaliklari dalalarida olib borilayotgan shoʻr yuvish uchun sarflanayotgan suvga soliq hisoblanmasligi, suv soligʻi vegetatsiya davri uchun joriy qilinayotgani taʼkidlandi.

— Oʻtgan yilda 30 gektar maydonga, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarni joriy qildik, — deydi «Sardor sarialtin» fermer xoʻjaligi rahbari Shukurulla Saʼdullav. — Men oʻzim ishlab tajribadan oʻtkazgan jarayonim va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bugungi kun talabi ekanligini tushuntirishga harakat qildim. Blogerlar tomonidan berilgan ayrim savollarga javob berar ekanman bu boradagi targʻibot tadbirlarini yana-da kuchaytirish kerakligini angladim.

Ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga vazirlikning masʼul xodimlaridan tashqari tadbirga taklif qilingan olimlar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan fermerlar ham javob berib, ilmiy asoslar va tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Gʻ.Otajonov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?