Shohimardonda yana bolalarning shodon kulgisi yangramoqda

15:23 23 Iyun 2022 Jamiyat
322 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining anklav hududida joylashgan Shohimardon qishlogʻidagi bolalar oromgohi yana oʻz faoliyatini boshladi.

Maʼlum sabablarga koʻra ilgari “Ipakchi” nomi bilan ishlab kelgan ushbu bolalar oromgohi 1998-yilda butkul yopilgan edi. Qariyb chorak asrdan soʻng Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyati Kengashi tashabbusi bilan oromgohda yana oʻgʻil-qizlarning shodon kulgisi yangramoqda.

Xalq deputatlari Fargʻona tumani Kengashi deputati Rustamjon Karimovning qayd etishicha, atrofi purviqor togʻ bilan oʻralgan soʻlim oromgohda joriy mavsumda 3 navbatda Fargʻona tumani, xususan, Shohimardon va Yordon qishlogʻining 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolajonlari maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Ayni paytda ularning 80 nafari oromgohda yozgi taʼtilni mazmunli oʻtkazmoqda.

Taʼkidlash oʻrinliki, ezgu maqsad yoʻlida bu yerda keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari olib borilib, binolar toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Kelajagimiz vorislari oʻzlari qiziqqan fan, sport toʻgaraklariga qatnashishi uchun barcha qulayliklar yaratildi. Oromgohda sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning farzandlari bilan birga hududdagi ehtiyojmand, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari bepul yoʻllanmalar asosida dam olishlari mumkin.

Fargʻona tumani tibbiyot birlashmasida kichik tibbiy xodim boʻlib ishlovchi Sharifa Roʻziboyeva farzandi Azizbek Sobirov “Shohimardon” oromgohiga kelganidan juda ham mamnun.

— Tengdoshlarim bilan mazza qilib oʻynayapmiz, — deydi Azizbek onasining bagʻrida erkalanib. — Bu yerda juda koʻp doʻstlar orttirdim. Har kuni tabiatga sayohatga chiqamiz, qoʻshiq aytamiz, sport bilan shugʻullanamiz. Endi har yili yozda shu yerga kelaman.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?