Shijoatli, izlanuvchan, tashabbuskor

13:21 15 Avgust 2022 Jamiyat
301 0

Foto: Xalq so‘zi

Yurtimizda kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, izlanuvchan, tashabbuskor tadbirkor va fermer xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Ishbilarmon ayol-2022” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichlari boʻlib oʻtmoqda.

Andijon shahrida boʻlib oʻtgan ushbu tadbir doirasida shahar va tuman bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 16 nafar tadbirkor ayol boshqaruvidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi namoyish etildi. Tanlovga taqdim etilgan loyihalar yuzasidan munozaraga kirishgan hakamlar hayʼati Asaka tumanidagi “Farangizoy” MCHJ rahbari Gulnora Toʻychiyevani mutlaq gʻolib deb eʼlon qildilar.

—Tadbirkorlikni 2017-yilda boshlaganman, — deydi Gulnora Toʻychiyeva. — Respublikamizning barcha viloyatlarida trikotaj mahsulotlarimiz savdosi tashkil etilgan. Bundan tashqari tumanimizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berish bilan shugʻullanamiz. Jamoamiz “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan tarkib topgani bois ijtimoiy yoʻnalishda ham saxovat ishlarini tashkil etib turamiz. Bugungi yutuq, albatta, jamoaniki! Boisi, safdoshlarim bilan bilan bir kuchga aylanganmiz. Erishayotgan muvaffaqiyatimizda har bir ishchi-xodimning munosib xizmatlari bor.

Shuningdek, tanlovda ikkinchi oʻringa munosib topilgan Marhamat tumanidagi “Shahnoza tekstil" masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Shahnoza Sayfutdinova, uchinchi oʻrin sohibasi Paxtaobod tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand Sofiyaxon Xolmirzayeva faoliyati ham atroflicha oʻrganilib, ular tomonidan orttirilgan boy tajribani ommalashtirishga alohida urgʻu berildi.

Bugungi kunda Samarqand viloyatda 22 mingdan ortiq kishi tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, ularning 3 mingdan ziyodini xotin-qizlar tashkil qiladi.

Joriy yilida “Ishbilarmon ayol” anʼanaviy koʻrik-tanlovining quyi bosqichlarida 1 ming 22 nafar opa-singillarimiz xususiy tadbirkorlik, fermerlik, hunarmandchilik va ishlab chiqarish sohalarida oʻz salohiyatini namoyish etdi. Ular ichidan saralangan 16 nafari tanlovning viloyat bosqichida yana bir bor bahs yuritdilar.

Tanlov jarayonida ishtirokchilar faoliyatini baholashda hakamlar hayʼati tomonidan ishbilarmon ayollarning zamonaviy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratgani, eksportga yoʻnaltirilgan yoki import oʻrnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarishi, aholiga xizmat koʻrsatishni qay darajada tashkillashtirgani inobatga olindi.

Natijaga koʻra, 1-oʻringa Samarqand tumanidagi zardoʻzlik yoʻnalishida milliy kiyim - kechak mahsulotlari bilan ishtirok etgan “Zulxumor” xususiy korxonasi rahbari Zulxumor Zoxidova, 2-oʻringa Jomboy tumanidan «Sherboyev Murodullo» chorvachilik fermer xoʻjaligi raisi Gulchehra Sherboyeva va 3-oʻringa toyloqlik «Farhod montaj servis» MCHJ direktori Sabina Hakimova munosib koʻrildi.

Gʻolib va sovrindorlarga diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Saminjon Husanov,

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?