Shirinda 5 nafar oʻquvchi repetitorsiz milliy sertifikat oldi

16:10 29 Noyabr 2024 Jamiyat
307 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Shirin shahridagi 4-umumtaʼlim maktabining bir yoʻla 5 nafar oʻquvchisi Bilim va malakalarni baholash agentligining ona tili va adabiyot boʻyicha umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisidagi yuqori balli sertifikatlariga ega boʻldi. Ulardan biri yuz foizlik natija qayd etgan boʻlsa, 4 nafari oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlarining birinchi blogidan mazkur fan joy olgan yoʻnalishlar uchun 77 dan 85 gacha boʻlgan ballarni naqd qilib qoʻydi.

Eʼtiborlisi, ular bu natijaga 20-50 kilometrlik masofadagi Yangiyer va Guliston shaharlaridagi oʻquv markazlariga qatnamasdan, oʻzlarining jonajon maktablaridagi oʻqib-oʻrganishlari tufayli erishdi. Yaʼni, ortiqcha pul va vaqt sarflanmadi. Ovvorgarchiliklar boʻlmadi. Bunda maktabning ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Murod Abdusamatovning chuqur bilimi va fidoyiligi asosiy omil boʻldi.

Eʼtirof etish kerakki, maktab oʻquvchilarining Murod Abdusamatov oʻqitayotgan fan boʻyicha olimpiadalardagi ishtiroki hayratlanarli darajada. Masalan, oʻtgan yili 8 nafar shogirdi mazkur bellashuvning shahar bosqichida qatnashib, ulardan 7 nafari viloyat, 1 nafari respublika bosqichlarida ishtirok etgandi. Bu yil 5 nafar oʻquvchi ona tili va adabiyot fani boʻyicha olimpiadaning viloyat bosqichiga chiqdi.

— Bu yilgi bitiruvchilarimizning 40 foizi oliy oʻquv yurtlari talabasi boʻldi, — deydi maktabning uslubiy birlashmasi rahbari Farida Xudoyqulova. — Yuqori sinf oʻquvchilarini OTMning kirish sinovlariga tayyorlashda asosiy darslardan soʻng fan toʻgaraklarimizda berilayotgan saboqlar ham muhim oʻrin tutadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер