Shimoliy Koreya yadro qurolidan foydalanishga tayyor — Janubiy Koreya prezidenti

02:17 22 Avgust 2023 Dunyo
2561 0

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya urush boʻlgan taqdirda maqsadga erishish uchun barcha mumkin boʻlgan qurollarni, xususan, yadroviy qurolni safarbar qilishga tayyor. Bu haqda Janubiy Koreya yetakchisi Yun Sok Yol Seul va Vashington oʻrtasida oʻtkazilayotgan qoʻshma harbiy mashgʻulotlarning birinchi kunida aytib oʻtdi.

“Urushdagi maqsadiga erishish uchun Shimoliy Koreya barcha mavjud vositalarni toʻliq safarbar qiladi va yadro qurolidan foydalanishga tayyor boʻladi”, deydi siyosatchi.

Shu bois uning tushuntirishicha, joriy yildan boshlab Ulchidagi mashgʻulotlar Shimoliy Koreyaning ehtimoliy yadroviy hujumiga javob berish mashqlarini oʻz ichiga oladi.

Yun Sok Yol, shuningdek, tinchlikka faqat “eng katta kuch” bilan erishish mumkinligini taʼkidladi. Siyosatchi KXDR tomonidan sodir etilgan har qanday provokatsiyani zudlik bilan jazolashga vaʼda berdi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Janubiy Koreya yetakchisi Yun Sok Yol va AQSH prezidenti Jo Bayden oʻrtasidagi uchrashuv fonida qitʼalararo ballistik raketa uchirishi yoki boshqa tajovuzkor harakatlarni amalga oshirishi mumkinligi xabar qilingandi.

“Reuters”ning yozishicha, Shimoliy Koreya allaqachon “Osiyo NATOsi” tuzilganini maʼlum qilib, AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya oʻrtasidagi harbiy hamkorlik mustahkamlanayotganini tanqid qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?