Shifokor tomorqasida dunyo oʻsimliklarini parvarishlamoqda

14:58 25 Noyabr 2021 Jamiyat
303 0

Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq qishlogʻida yashovchi Odilbek Siddiqov oʻz xonadonida papayya daraxtini iqlim sharoitiga moslashtirdi. Buning natijasida daraxtning mevasidagi taʼm ham oʻzgardi. Yaʼni aslida bodring taʼmini beruvchi meva endi handalak taʼmli boʻldi.

– Oʻzim bolalar shifokori boʻlganim bois inson salomatligi uchun foydali mevalarni yetishtirishga qiziqaman,– deydi Odilbek Siddiqov. – Aslini olganda foydasiz mevaning oʻzi yoʻq. Biroq yurtimizda yetishtirilmaydigan mevalar ham koʻp! Ana shulardan biri papayya boʻlib, Oʻzbekistonda uning oʻrindoshi yoʻq. Papayya tibbiyotda ham, kosmetologiyada ham birdek foydali! U disk churrasi, oshqozon-ichak hazmi, qandli diabet bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda qoʻllaniladi. Vitaminga boy. Uni isteʼmol qilgan kishining yuzi tiniqlashib, organizmi yosharadi.

Maʼlumotlarda bayon etilishicha, ushbu oʻsimlik hosili daromad manbai hamdir. Sababi, har bir daraxt 15-20 kg hosil beradi va 1 kg papayyaning narxi 150 ming soʻm turadi. Shifokor shu bilangina kifoyalanib qolmay, issiqxonasida tibbiyot va tabobatda keng qoʻllaniladigan fexoa, zaytun, mandarin, limon, greypfrut, marakuya, gojji, banan kabi oʻsimliklarni ham parvarishlamoqda. Uning maqsadi noyob oʻsimliklarni mintaqamiz sharoitiga moslashtirish va ommalashtirishdan iborat.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?