SHHT – zamonaviy xalqaro munosabatlarning muhim siyosiy subyekti

16:11 14 Sentyabr 2022 Siyosat
420 0

Foto: Халқ сўзи

Bugungi kunda, davlatimiz ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni olib bormoqda. Tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarga yoʻnaltirilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) muhim ahamiyatga ega. Buni yaqqol tasdigʻi, joriy yildagi 15-16-sentyabrdagi
Samarqandda boʻlib oʻtadigan SHHTning Oʻzbekiston raisligidagi sammitidir.

Mamnuniyat bilan qayd etishimiz lozimki, unga 15 davlat rahbari,10 xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashadi. Bu oxirgi 3 yildagi birinchi onlayn tarzida oʻtadigan yirik sammit. Uning ishida jahon maydonidagi koʻzga koʻringan yirik davlatlar qatnashish rejalashtirilmoqda: Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Turkiya, Armaniston va barcha Markaziy Osiyo davlatlari. Bu SHHT koʻp qutbli dunyo shakllanayotgan davrda jahon maydonida naqadar muhim siyosat subyektiga aylanganligidan dalolat beradi.

Rasmiy ravishda bu tashkilot 2001-yil sentyabr oyida tashkil topgan. Fikrimizcha, u xalqaro munosabatlarda yuz bergan fundamental oʻzgarishlarning nafaqat mahsuli, balki yangi dunyoviy tartibotni shakllantirishda ishtirok etayotgan mintaqaviy tashkilotdir. Buni gʻarblik olimlar ham eʼtirof etgan. Britaniyalik ekspertlar R.Alison va L.Jonson fikricha: «SHHT umumiylik yoki umumiy maqsad negizida yuzaga kelmagan. Boshqa xalqaro tashkilotlarda avval institutlar shakllanib, ular keyin mazmun bilan toʻldirilgan. SHHT esa avval tor masalalar yuzasidan kelishuvga erishish va shu asosda kun tartibini kengaytirib borish yoʻlidan borgan».

Buni SHHT Xartiyasida oʻz ifodasini topgan “adolatli dunyo tartiboti” va “xalqaro munosabatlarni demokratlashtirish” kabi maqsadlarida koʻrish mumkin. Ushbu tashkilot umuman yangi geosiyosiy, iqtisodiy va sivilizatsiyaviy shart-sharoitlar taʼsirida qaror topganligini inobatga olib, SHHTni “yangi mintaqaviylik” nazariyasi doirasida baholash lozim. Bu tashkilotning oʻziga xos xususiyatlarini ochishda uning 2002-yilda qabul qilingan Xartiyasiga murojaat qilsak boʻladi. Unga muvofiq, “Shanxay ruhi” asosida “oʻzaro ishonch”, “oʻzaro manfaat”, “tenglik”, “oʻzaro maslahatlashuv”, “madaniyatlar xilma-xilligiga nisbatan hurmat”, “birgalikda rivojlanishga intilish” kabi tamoyillar yotadi. Bundan tashqari, Xartiyada, boshqa qimmatli gʻoyalardan tashqari yana ikkita muhim asos mavjud: birinchisi, SHHTning boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmaganligi; ikkinchisi, Qarorlarning konsensus (kelishuv) asosida qabul qilinishi tamoyillarining amal qilishi.

Yuqoridagi konseptual ahamiyatga ega tamoyillar SHHTning “yangi mintaqaviylik” namunasi sifatida qaror topishi va rivojlanishini mintaqa va dunyo hamjamiyatiga qoʻshayotgan hissasida koʻrish mumkin. Eslash lozimki, jiddiy hududiy bahs va ziddiyatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy oʻrtasida chegaralar masalasining “Shanxay beshligi” doirasida uzil-kesil hal qilishi – mintaqada strategik barqarorlikni taʼminlabgina qolmay, koʻp tomonlama hamkorlik uchun qulay zamin ham yaratib berdi.

2001-yili Oʻzbekistonning mintaqadagi nufuzli Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga – Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlatlari bilan birgalikda toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirishi – davlatimiz rivojida va qoʻshnichilik siyosatida yangi sahifani ochib berdi. SHHT davlatlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, taʼlim va xalq diplomatiyasi, hatto mudofaa sohalarda hamkorlik kuchaydi. Ayniqsa, iqtisodiy, huquqiy ijtimoiy-madaniy va taʼlim sohalarida davlatlarimiz oʻrtasida ikki taraflama va koʻp qirrali xalqaro loyihalar amalga oshirila boshladi. SHHT nufuzi oshishida 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taklifiga binoan Xalq diplomatiya markazlari ochilishi boʻldi. Qisqa vaqt ichida SHHT davlatlari oʻrtasida fan, taʼlim, tasviriy sanʼat, sport, turizm va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi va xalqlarimiz oʻrtasida doʻstona munosabatlar yanada kuchaydi. Oʻzbekistondagi xalq diplomatiya markazi tomonidan oʻtkazilgan baʼzi bir tadbirlariga toʻxtalsak.

2018-yilda SHHT bolalar koʻrgazmasi tashkil etildi. Shu yili Alisher Navoiy kutubxonasida «SHHT bilim zali» ochildi. Pandemiya sharoitida insonlarning ruhini koʻtarish uchun Toshkent shahrida SHHT ning barcha sakkiz davlat musiqasi oʻzbek artistlari tomonidan ijro etilib, SHHT davlatlari aʼzolariga elektron shaklida yuborildi. 2020-yilda Hindiston elchixonasi va Lal Baxodur Shastri madaniy markazi bilan birgalikda Maxatma Gandiga faoliyatiga bagʻishlangan Sharqshunoslik Universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlarida ilmiy amaliy konferensiyalar oʻtkazildi.

2021-yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universitetida ilk bor SHHT xalq diplomatiya markazi bilan hamkorlikda «SHHT Lider ayollar forumi» oʻtkazildi. Xalqaro tinchlik kuniga bagʻishlab Maktabgacha taʼlim vazirligi, YUNISEF hamkorligida SHHT davlatlari bogʻcha bolajonlarining rasmlar koʻrik tanlovi, yoshlar orasida SHHT faoliyatini targʻib etuvchi «Model SHOS» nomli oliy taʼlim talabalari oʻrtasida intellektual tadbirlar oʻtkazildi. SHHTning 20 yilligiga, Oʻzbekiston Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda «Oʻzbekiston va SHHT: barqaror rivojlanish hamkorligi» mavzusidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Umuman olganda Oʻzbekiston SHHT ga aʼzo barcha davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda hamkorlik qilmoqda. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar, shu jumladan, davlat rahbarlarining muzokaralari natijasida strategik sherikchilik sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning SHHTdagi xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ilm-fan, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga yoʻnaltirilgan qator tashabbuslari amalga oshirildi va Oʻzbekiston SHHTda yangi platformalarni yaratish boʻyicha tashabbuskorga aylandi.

2021-yilda SHHT ga raislik Oʻzbekiston davlatiga oʻtdi. Aytish lozimki, Oʻzbekiston raisligida SHHT doirasida turli ustuvor yoʻnalishlarga diqqat qaratildi, bular: savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini ilgari surish, transport kommunikatsiya oʻzaro bogʻliqligini kengaytirish, SHHTning xalqaro nufuzini mustahkamlash va boshqalar.

Oʻzbekistonning SHHT bilan oʻzaro manfaatli, toʻlaqonli, doʻstona hamkorligi barcha tomonlarning manfaatlariga toʻla javob beradi.

Eʼtibor Sultanova,

siyosiy fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?