SHHT tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi boshlandi

Foto: Халқ сўзи
Bugun poytaxtimizda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi oʻz ishini boshladi. Unda SHHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari va tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi organlari – SHHT bosh kotibi va SHHT Mintaqaviy Aksilterror markazi ijroiya qoʻmitasi direktori ishtirok etmoqda. Tadbirni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ochib berdi. U oʻz hamkasblariga 15-16-sentyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan SHHT Davlat rahbarlari kengashining asosiy yigʻilishiga tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi. - Aʼzo davlatlar rahbarlari, kuzatuvchilar - Belarus, Eron, Moʻgʻuliston, shuningdek, Turkmaniston Prezidentlari yigʻilishda mehmon sifatida ishtirok etishlarini tasdiqladilar. Shuningdek, BMT Bosh kotibining siyosiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va ASEAN, ESKATO, OHICHK, MDH, KXSHT, YEOII hamda IHT ijroiya organlari rahbarlarining tasdiqlari qabul qilindi. Boʻlajak sammitga Saudiya Arabistoni Valiahdi Muhammad bin Salmon Al-Saudni mehmon sifatida taklif etish haqidagi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun tomonlardan minnatdormiz.
V. Norovning aytishicha, sammitni mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari, ayniqsa, dolzarb xalqaro tendensiyalarni hisobga olgan holda davlat rahbarlari oʻrtasida oʻzaro fikr almashishni tashkil etishga imkon beradigan yuzma-yuz uchrashuv shaklda oʻtkazishga qatʼiy qaror qilingan. Sammitning asosiy siyosiy hujjati - Samarqand Deklaratsiyasi loyihasida mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global masalalar boʻyicha konsolidatsiyalashgan pozitsiyalari aks ettirilgan. Hujjatda, shuningdek, amaliy hamkorlikni yanada takomillashtirish, mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport aloqasini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma yondashuvlar bayon etilgan.
SHHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashi majlisida Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirishning keng qamrovli rejasi, Transporti sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik konsepsiyasi, Sanoat kooperatsiyasi dasturi, “SHHT yaxshi niyat elchisi” faxriy unvoni toʻgʻrisida»gi nizom va boshqa muhim hujjatlar loyihalari muhokama qilinmoqda.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov oʻz nutqida SHHT faoliyatini yanada rivojlantirish bilan bogʻliq muhim jihatlarni sanab oʻtdi. Xususan, Internet olamida axborot xavfsizligi sohasidagi xavfli tendensiyalar - kiber tahdidlarni yaratish, ekstremistik, separatistik va terroristik murojaatlarni tarqatish, shuningdek, buzgʻunchilik maqsadlariga yoʻnaltirilgan soxta yangiliklar tobora ortib bormoqda. Oʻzbekistonda yaqinda roʻy bergan fojiali voqealar mintaqada tinchlik va barqarorlikni buzishga urinayotgan buzgʻunchi kuchlarning axborot tahdidlaridan foydalanganligidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan, deydi V. Norov, ushbu muammolarga va “uch yovuz” kuchga qarshi turishda birdamlikning yanada yaqqol namoyon boʻlishi har qachongidan ham dolzarb boʻlib bormoqda. SHHT davlatlari axborot va boshqa yangi tahdidlardan himoya qilish, “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida doʻstlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni birlashtirishi zarur.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov SHHT makonida barqarorlikni taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi. Soʻnggi voqealar SHHTning jugʻrofiy yadrosi boʻlgan Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning alohida ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi, - dedi Oʻzbekiston TIV rahbari. - Kuni kecha Choʻlpon-Ota shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi natijalari mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlash maqsadida ishonchli hamda oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlashga qatʼiy qaror qilganidan dalolat beradi. Shubha yoʻqki, Markaziy Osiyodagi ijobiy jarayonlar SHHT makonini barqarorlik, taraqqiyot, farovonlik va samarali hamkorlik mintaqasiga aylantirishga xizmat qiladi.
Yigʻilishda afgʻon muammosi ham muhokama qilinmoqda. Afgʻonistonda uzoq kutilgan tinchlik va barqarorlikning oʻrnatilishi SHHT makonida xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashning strategik sharti boʻlib qolmoqda. 25-26-iyul kunlari Toshkentda yuqori martabali delegatsiyalar, jumladan, SHHT davlatlari ishtirokida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya anjumanning minbaridan ushbu mamlakatni chuqur inqirozdan olib chiqish boʻyicha aniq takliflar bildirilgan tarixdagi birinchi forum boʻldi.
Abduvali Soyibnazarov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
- Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda
- Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring