SHHT: konstruktiv muloqot va koʻp tomonlama hamkorlik maydoni
Xabaringiz bor, kecha ommaviy axborot vositalarida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Shu yilning 15-16-sentyabrida azim Samarqand shahrida oʻtkaziladigan SHHTning navbatdagi sammiti, aytish mumkin boʻlsa, anʼanaviy formatdagidan oʻzgacha boʻlishi kutilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Xususan, bu galgi anjumanda tashkilotning sakkiz aʼzosi — Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Hindiston Respublikasidan tashqari, kuzatuvchi sifatida Belarus Respublikasi, Moʻgʻuliston va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi.
Faxriy mehmon sifatida Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan.
Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevroosiyo mintaqasida joylashgan, ayni paytda nufusi jihatidan dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan mazkur mamlakatlar rahbarlarining bir doirada jamlanishi, aytish mumkin boʻlsa, bugungi global, geosiyosiy poʻrtanalar avjiga chiqqan va har qanday istiqbolni oldindan taxmin etish tobora qiyinlashayotgan bir davrda oʻz aktualligi bilan barchaning diqqat-eʼtiborida turgani, shubhasiz. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining mazkur sammit oldidan eʼlon qilingan ushbu maqolasi ham mahalliy va xorijiy siyosatshunos hamda ekspertlar orasida katta qiziqish uygʻotdi.
Mazkur xalqaro institutning bugungi dunyo siyosiy hayotida tutadigan oʻrni, maqsad va vazifalari hamda Oʻzbekistonning tashkilot doirasidagi ishtiroki masalalariga bagʻishlangan ushbu maqola hayotiyligi, qolaversa, konseptual nuqtayi nazardan puxtaligi bilan oʻta dolzarb, desak, adashmagan boʻlamiz. Bu eʼtirofni maqola atrofida aylanayotgan fikr-qarashlar, mulohazalar ham ifoda va isbot etishi mumkin.
Biz ana shunday mulohazalardan birini eʼtiboringizga havola qilishni lozim topdik.
Bugun dunyoda nimalar boʻlayotganini, qanday xavf-xatarlar ostona oldida xuddi quyundek kezinib yurganini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Ayni zamonda biror davlat yoki jamiyat yoʻqki, biz xavfdan xolimiz, deya olsa. Zotan, shiddat bilan oʻzgarib borayotgan, faol globallashayotgan zamonaviy dunyoda buning imkoni ham yoʻq. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar, diniy va irqiy ziddiyatlar, milliy hamda siyosiy talatoʻplar, taassufki, giperinnovatsion texnologiyalar asri, deyilayotgan uchinchi ming yillikda insoniyat oldiga ulkan muammolarni koʻndalang qoʻymoqda. Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi ayni shunday pallaga toʻgʻri keldi.
Xususan, davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotini tushkunlik girdobiga tashladi. Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini yanada keskinlashtirdi, narx-navoning koʻtarilishiga sabab boʻldi. Boz ustiga, iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilmaxillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi insoniyatni xavotirga solib qoʻydi.
Xoʻsh, bunday talatoʻplar sharoitida qanday yoʻl tutmoq kerak?
Prezidentimiz ushbu maqolada muammodan chiqish yoʻllarini koʻrsatib berdi: faqat hamkorlik, konstruktiv muloqot va oʻzaro manfaatlarni hisobga oladigan koʻp tomonlama hamkorlikkina vaziyatdan chiqishning yagona yoʻli boʻla oladi. Inqiroz va boʻhronlar davrida mamlakatlar katta yoki kichikligidan qatʼi nazar, oʻzlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qoʻymasdan, aksincha, asosiy eʼtiborni hamjihatlikka qaratishlari lozim. Zero, bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omili samarali hamkorlik, desak, yanglishmagan boʻlamiz. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul yoʻl hisoblanadi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti mana shunday ulkan imkoniyatlarga ega boʻlgan hamda xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimida tobora muhimroq ahamiyat kasb etib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmadir. Xalqaro jamoatchilik SHHT sammiti ishini diqqat bilan kuzatarkan, tashkilotning gʻoyat qisqa davr ichida mustahkam oyoqqa turib olganiga, dunyoda yuz berayotgan voqealarga faol munosabati, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan qatʼiy siyosiy yoʻliga ishonch hosil qilmoqda, deya aytish mumkin.
1996-1997-yillari “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan hamda 2001-yili Oʻzbekistonning aʼzo boʻlib kirishi bilan “Shanxay hamkorlik tashkiloti” nomini olgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Oʻtgan 21 yil mobaynida mintaqaviy va xalqaro vaziyatda keskin oʻzgarishlar roʻy berayotgan bir sharoitda SHHT oʻzini koʻp tomonlama hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Shu oʻrinda tashkilotning xalqaro maydonda hurmat va qadr topishi, davlatlarning unga talpinishi sabablari maqolada gʻoyatda tushunarli bayon qilinganini alohida taʼkidlash joiz.
Ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot — SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi, birinchidan, uning turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ikkinchidan, ochiqligi, uchinchidan, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, toʻrtinchidan, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, beshinchidan, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yoʻl qoʻymaslik kabi tamoyillarga rioya qilishi bilan izohlanadi.
Tashkilot “Shanxay ruhi” negizida tashkil qilingan boʻlib, ushbu tamoyil oʻzaro ishonch, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilmaxillikni hurmat qilish, umumiy taraqqiyotga intilish kabi teng huquqli qoidalarni oʻzida mujassam etadi. “Shanxay ruhi” tashkilotga aʼzo davlatlarning siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudrati har xil oʻlchamda boʻlishiga qaramay, ularning barchasi teng va hamjihat ekanini bildiradi. Ayniqsa, SHHT doirasida barcha qarorlarning konsensus asosida qabul qilinishi tamoyili ham “Shanxay ruhi”ning mazmun-mohiyatini va uning mukammal tuzilma ekanini namoyon etadi.
Ushbu tamoyil tashkilotning qolgan “oʻrta” va “kichik” salohiyatli aʼzolariga jahonning qudratli kuch markazlari hisoblangan Xitoy, Rossiya, Hindiston bilan bir qatorda, SHHT ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda faol va teng huquqli ishtirok etish imkonini beradi.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston tashkilot doirasida aniq va amaliy tashabbuslarni ilgari suryapti. Aytaylik, Oʻzbekiston rahbarining transport va oʻzaro bogʻliqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil iqtisodiyot” kabi muhim yoʻnalishlardagi tashabbuslari amalga oshsa, SHHT doirasidagi iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari bir necha baravar yuksaladi, tashkilotning imiji va obroʻ-eʼtibori ham yanada ortadi.
SHHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlariga toʻliq mos keladi. Chunonchi, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi: Prezident Farmoni bilan Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi, Tashkilotga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, Samarqandda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti barpo etildi. Bu esa, oʻz navbatida, poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qoʻshimcha sifatida Oʻzbekistonning ayni jabhadagi ahamiyatini yanada kuchaytirdi.
Shunisi eʼtiborliki, tashkilotga raislik dunyoga ochilayotgan Oʻzbekistonga oʻzini yangi formatda namoyon etish imkoniyatini berdi. Xususan, Oʻzbekiston nafaqat koʻp tomonlama kooperatsiyani mustahkamlash, balki har bir davlat bilan oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va keng qamrovli sheriklik uchun yangi yoʻnalishlarni belgilab olish tajribasiga ega boʻldi.
Shu oʻrinda bir jihatga alohida eʼtibor qaratishni istardim: Oʻzbekiston mintaqada tinchlikni saqlash borasidagi tashabbuslarning doim oldingi saflarida boʻlib kelgan. Ayniqsa, bugungi zamonaviy dunyoda hamon “olovli nuqta” maqomida qolayotgan Afgʻon muammosi davlatimizning doimiy eʼtiborida. Binobarin, mazkur maqolada ham muhtaram Yurtboshimiz ushbu muammoga toʻxtalar ekan, “bugun SHHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afgʻonistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish oʻta muhim va dolzarbdir”, deya taʼkidladi.
Aytish oʻrinliki, davlat rahbarlari, mazkur yigʻilishda Afgʻonistondagi murakkab vaziyatni keng muhokama etishlari muqarrar. Chunki ushbu davlatda tinchlik oʻrnatish SHHTning barcha aʼzolari uchun strategik masaladir. Sammit ushbu muammoni muhokama qilish uchun juda qulay diplomatik platforma hisoblanadi. Xususan, Afgʻoniston bilan oʻzaro munosabatlar, jafokash afgʻon xalqiga har tomonlama yordam va koʻmak berishni kuchaytirish bilan bogʻliq barcha masalalar hamon xalqaro hayotning kun tartibida.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib, kelgusida Afgʻonistonga ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatishning aniq dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda. Hozirda mamlakatimiz gumanitar inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun qoʻshni davlatga zaruriy oziq-ovqat, neft va elektr energiyasini yetkazib berishda davom etyapti. Zero, bugungi gʻoyatda murakkab bir paytda bu davlatni yakkalab qoʻyish mavjud vaziyat va taranglikni yanada kuchaytiradi.
Shu sababli, avvalo, qoʻshni davlatlar bunday sharoitda yakdillik va bir-biri bilan muvofiqlashtirilgan harakatlarni olib borishining ahamiyati keskin oshadi. Shak-shubhasiz, Afgʻoniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afgʻon xalqi qoʻshni va xayrixoh davlatlar koʻmagiga har qachongidan ham muhtoj. Qolaversa, maqolada haqli ravishda keltirilganidek, Oʻzbekiston tashabbuslarining yana bir ahamiyatli tomoni bor. Yaʼni «...Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini oʻtab kelgan Afgʻoniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida oʻzini namoyon etmogʻi lozim.
Bunday oʻzaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafgʻon koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻli kabi qoʻshma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga ham salmoqli hissa qoʻshishimiz mumkin».
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tomonidan oʻtgan davrda barcha hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbirlar oʻtkazildi. Keng koʻlamda olib borilgan chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq, boʻlajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjatlar taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur sammitni oʻtkazish uchun Samarqandning tanlanishida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor. Shubhasiz, koʻhna va hamisha navqiron Samarqand Shanxay hamkorlik tashkiloti qudratini va jozibadorligini oshirish bilan yangi tarixga kiradi. Samarqandning shonli madaniy merosi va oʻziga xos ruhi bunga xizmat qiladi. Prezidentimiz “Koʻp asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha boʻlgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, Shimol va Janubni, Sharq va oʻarbni yagona chorrahada tutashtirgan” deganlarida ayni shu omillarni nazarda tutdi.
Boz ustiga, yangi Oʻzbekistonning faol diplomatiyasida Samarqand mamlakatimizning eng muhim xalqaro tashabbuslarini ilgari surish uchun noyob platforma boʻlib xizmat qilmoqda. Soʻnggi yillarda shaharda qator yirik forumlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ushbu platformalardan olingan turtki SHHT makonining jugʻrofiy oʻqi boʻlgan Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi formatlarining shakllanishiga xizmat qilgani holda yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va ochiqlik muhitida mintaqaviy hamda global rivojlanishning dolzarb masalalari muhokamasini koʻzda tutadigan “Samarqand ruhi”da oʻzining yaqqol ifodasini topgan. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uygʻun ravishda toʻldirib turadi. Shu sababdan aminmizki, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh boʻlamiz — tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy maʼno mujassam».
Shuni quvonch va faxr bilan aytish mumkinki, dunyoga yuzlanayotgan yangi Oʻzbekistonimiz bugun chin maʼnoda tashabbuskor va peshqadam mamlakat sifatida oʻzini namoyon etmoqda. Eʼtibor qiling, mustaqillikning 31 yillik oʻtgan davrida hech qachon mamlakatimizda bunchalik koʻp — 14 davlatning rahbari bir davraga muzokara va fikrlashuv uchun yigʻilgan emas. Bu, hech shubhasiz, davlatimizning xalqaro miqyosda obroʻ-eʼtibori ortib borayotganidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, biz yangi davr, yangi Oʻzbekistonda yashayapmiz. Bugungi shiddatli zamonda har bir xalq, har bir millatning oʻzini namoyon etishga intilishi, dunyo sahnidagi yangilanishlarda oʻz oʻrnini topishga harakat qilishi tabiiy jarayondir. Lekin orzu-havas oʻz yoʻliga, real muvaffaqiyatlarga erishish esa oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Buning uchun xalqning tarixi va kelajagi oldidagi masʼuliyatni oʻz yelkasiga ola biladigan, jasur va matonatli, eng muhimi, oʻz Vataniga cheksiz mehru muhabbati qalbida joʻsh urib turadigan lider kerak boʻladi. Yangi Oʻzbekistonimiz egallayotgan yuksak marralarning asosi ham, xalqimizning baxtu iqboli ham — aslida mana shunda!
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
- Innovatsion ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalar namoyishi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring