Sherzod Shermatov Xorazm viloyati hokimini “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi

09:55 05 Oktyabr 2020 Jamiyat
327 0

Xorazm viloyati hokimligi binosida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov, viloyat hokimi oʻrinbosarlari, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi X.Bektemirov, tuman, shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari, faol va faxriy ustozlar hamda viloyatdagi boshqa tashkilot vakillari ishtirok qildilar.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov soʻzga chiqib, Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov tomonidan taʼlim sohasiga qaratilgan eʼtibor, xususan, mahalliy hokimlik mablagʻlari hisobidan umumtaʼlim maktablarida amalga oshirilgan ishlar, maktablarga ichimlik suvini tozalab beruvchi qurilmaning oʻrnatilishi, maktab hojatxonasi taʼmiri, sunʼiy qoplamali sport maydonchalarining qurilishidagi tashabbusi, shuningdek, umumtaʼlim maktablariga SATT platformasining oʻrnatilishi va bu orqali maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirishga tayyorgarlik ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyishdagi xizmatlarini alohida eʼtirof qildi.

Sh.Shermatov viloyat hokimi F.Ermanovni taʼlim sohasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi, xususan, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirgan ishlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi.

Viloyat hokimi F.Ermanov viloyatda iqtisodiy-ijtimoiy va maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash hamda yosh avlodni yetuk barkamol inson qilib tarbiyalash borasida oʻzining tashabbuskorligini koʻrsatib kelmoqda. Shaxsan hokimning tashabbusi bilan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 543 ta maktab hojatxonalari bugungi kun talablariga mos keladigan zamonaviy loyiha asosida toʻliq taʼmirlandi va shundan 86 tasi yangidan qurildi. Taʼlim muassasalarini toza ichimlik suv bilan taʼminlash, 68 ta maktabda isitish tizimini yangilash, maktablarning uzluksiz internet tezligini oshirish uchun optik tolali tarmoq bilan taʼminlash, maktablarni joriy taʼmirlash ishlarining amalga oshirilishi, shuningdek, F.Ermanovning tashabbusi bilan tadbirkorlar jalb qilinib, maktablarda sunʼiy qoplamali sport maydonchalarining qurilishi, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalariga kirishga tayyorgarliklarini tashkil qilish uchun zarur boʻlgan SATT (samarali avtomatlashtirilgan taʼlim tizimi) platformasini viloyatdagi barcha maktablarga oʻrnatilishi, viloyat xalq taʼlimi tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni samarali joriy etish uchun zarur boʻlgan sport, musiqa jihozlari va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, pandemiya davrida maktablarni sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlashda mahalliy byudjet hamda homiylar hisobidan ajratilgan mablagʻlar Xorazm viloyatida taʼlim sifati va samaradorligini oshishiga xizmat qilmoqda.

Tadbir soʻngida viloyat hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan berilgan eʼtibordan ruhlanib, bundan buyon ham yoshlarimizning taʼlim-tarbiyasi yoʻlidagi beminnat xizmatlarini davom qildirishini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?