Sherobod anorlari

13:54 02 Noyabr 2022 Jamiyat
251 0

Foto: Xalq so‘zi

Yer yuzida shifobaxsh neʼmat – anorning yuzlab turlari uchraydi va mevasi tarkibida inson salomatligi uchun koʻplab foydali mikroelementlar mavjud. Uning nafaqat mevasi, balki poyasi, shoxi, guli, ildizi va poʻstlogʻi ham koni foyda.

Ayni jihatlar inobatga olingan holda Surxon vohasi, xususan, Sherobod tumanida oʻziga xos anorchilik maktabi yaratilgan va u muttasil rivoj topib bormoqda. Gap shundaki, vohaning boshqa hududlariga nisbatan Sherobodning yeri, suvi, iqlimi anor yetishtirish uchun juda ham qulay. Eng muhimi, mirishkorlarning koʻp yillik tajribasi bois bugungi kunda Sherobod anorlari yetti iqlimga maʼlum va mashhur.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, respublikadagi anorzorlarning uchdan bir qismi, yaʼni 33 foizi Surxondaryo viloyatida joylashgan. Aynan Sherobod tumanida 33 ta mahalla anor yetishtirishga ixtisoslashgan. Tumanning drayver tarmogʻiga aylangan anorchilik tajribasini oʻrganish va uni yondosh tumanlar - Bandixon, Qiziriq hamda Muzrabotda joriy qilish maqsadida amaliy harakatlar boshlangan.

Sherobodda mavjud anorzorlarning 1 ming 521 gektari aholi tomorqasi, 3 ming 551 gektari esa fermer xoʻjaliklariga qarashli. Ana shu bogʻlardan har yili aholi 5 ming 815 tonna, qishloq xoʻjaligi korxonalari esa 8 ming 612 tonna hosil oladi.

— Ota-bobolarimiz moʻjazgina anorzor barpo etib, oʻz roʻzgʻorini obod qilgan. Ularning tajribasiga suyanib, keyinchalik anorchilikka oid manbalarni ham oʻrgandim, — deydi Sherobod tumanidagi “Rasulov Toji” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Tojimuhammad Rasulov. — Yildan-yilga ishlarimiz rivoj topib, anorzorlarimizni kengaytirishga, yetishtirgan anorlarimizni xorij bozorlariga sotish boʻyicha yaxshi natijalarga erishayotirmiz. Bir misol, bundan 5-6 yil ilgari 1 gektar anorzordan 10-15 tonna hosil olgan boʻlsak, bu yilgi mavsumda hosildorlik 35-40 tonnani tashkil etyapti. Jami 200 gektar maydonda yaratgan anorzorlarimizdan bu yil 450 tonna hosil oldik. Oʻtgan yili 150 tonna anorni eksportga chiqargan boʻlsak, bu koʻrsatkichni endi 250 tonnaga yetkazish niyatimiz bor.

Eʼtiborli tomoni shundaki, viloyatda yetishtirilayotgan anor mahsulotlari eksport geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Hozirda hosilning qariyb 50 foizi dunyoning oʻndan ortiq davlatiga eksport qilinyapti. Joriy yilda esa Surxon vohasidan eksportga yoʻnaltiriladigan 15 ming tonna, yaʼni 12 mln. 442 ming AQSH dollariga teng boʻlgan mahsulotning 8 ming tonnasi sherobodlik dehqonlar tomonidan yetkazib beriladi. Darvoqe, oʻtgan yili viloyatda 6 ming tonna anorni qadoqlash, 2 ming tonna meva sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ham ishga tushirildi. Umumiy qiymati 50,7 mlrd. soʻm boʻlgan loyiha asosida qariyb yuz kishi ish bilan taʼminlangan.

Kelgusi yili Surxon vohasida yana 3 ming 114 gektar maydonda (1 ming 655 gektari Sherobod tumanida) yangi anor bogʻlarini barpo etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda iqlim sharoitiga mos serhosil anor koʻchatlari ham yetishtirilmoqda. Yangi anorzorlar barpo etilishi hisobiga birgina Sherobod tumanida yillik anor ishlab chiqarish koʻrsatkichini 100 ming tonnaga yetkazish imkoniyati yaratiladi.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?