Shermatov Oʻzbekistonga AQSHdan oʻqituvchilar kelishini va 1-11-sinflarga ingliz tili televizion darslarini “native speaker” olib borishini maʼlum qildi

14:08 07 Dekabr 2020 Jamiyat
1046 0

Oʻzbekiston xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov oʻzining Telegram kanali oʻquvchilarni til oʻrganish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.

"Biz yoshlikda ingliz tilini oʻrganayotganimizda eng katta muammo asl ingliz tilida soʻzlovchini (native speaker) nutqini topish boʻlar edi, tanish-bilishlardan ancha qidirib bitta kasseta topsak qanday xursand boʻlib rosa eshitib oʻrganar edik. Shuncha qiynalib boʻlsa ham, repetitorsiz TOEFL topshirib, AQSHda oʻqish imkoniyatiga ega boʻlgandik.

Hozirgi yoshlarda til oʻrganish uchun imkoniyatlar juda koʻp. Lekin joylardagi yuqori sinf oʻquvchilari bilan suhbatlashganimda, ular bunday imkoniyatlardan yetarlicha foydalanmayotgani bilinib qolmoqda. Ular bilan muloqot paytida nafaqat ingliz tilida soʻzlashishga qiynalishayotgani, balki mahalliy aksenti ham qattiq sezilyapti.

Online-maktab televizion kanallarida yoshlarimiz ingliz tilini oʻrganishlari uchun amerikalik hamkorlarimiz hamda UNODC tomonidan ingliz tilidagi multfilmlar taqdim etilgan. Ularni bemalol darsdan keyin va dam olish kunlari farzandlarimiz tomosha qilib oʻrganishlari mumkin.

Undan tashqari, ingliz tili darslari aynan amerikalik oʻqituvchi tomonidan oʻtilishini boshladik. Hozircha bir oʻqituvchi darslarni qisman oʻtmoqda. Yanvar oyida Oʻzbekistonga AQSHdan qator oʻqituvchilar yetib kelishadi va 1—11-sinflarning barchasiga ingliz tili televizion darslari native speaker tomonidan olib boriladi.

Bu darslarni nafaqat oʻquvchilarimiz, balki oʻqituvchilarimiz ham tomosha qilishsa, ularga ham oʻz talaffuzlarini toʻgʻri shakllantirishi uchun foydali boʻladi. Ular oʻqigan universitetlarida ham native speaker boʻlmagan, shuning uchun ularning koʻpchiligida ham mahalliy aksent shakllangan.

Televizion darslar jadvallari bizning Telegram kanallarimizda muntazam eʼlon qilib borilmoqda.

Interneti bor oilalarda esa yoshlarimizni vaqtini bekor oʻtkazmasdan, koʻproq ingliz tilini oʻrganishga sarflashiga undasak, juda katta imkoniyatlar bor. Masalan, katta qizim maktabida 10-sinfni tugatib, yozgi taʼtil paytida uy ishlari bilan band paytida ham TED talks seriyalarini eshitib yurib, IELTS Listening qismidan 9 olgan edi.

Albatta, internet uchun infratuzilma kerak, trafik ham ketadi. Lekin onlayn-maktab televizion kanallarini respublikamizning deyarli barcha hududlarida bepul koʻrish imkoniyati mavjud.

Shu sababli, hurmatli ota-onalarimiz va oʻqituvchilarimizdan farzandlarimizni ushbu televizion kanallarimiz orqali efirga uzatilayotgan ingliz tilidagi multfilmlarni hamda amerikalik asl ingliz tilida soʻzlovchilarning darslarini qoʻshimcha mashgʻulot sifatida kuzatib borishiga undashlarini soʻraymiz! Eslatib oʻtaman, native speaker koʻpgina qimmat xususiy maktablarda va tayyorlov markazlarida ham yoʻq.

Ingliz tilini bilgan maktab bitiruvchisining kelgusida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlari til bilmaydigan tengdoshlarinikiga nisbatan ancha yuqori boʻladi. Oʻzbekistonda xorijiy korxonalarda yoki xalqaro tashkilotlarda ishlaydimi, turizm va xizmat koʻrsatish sohasida ishlaydimi, albatta, ingliz tilini bilgan xodimning oyligi yuqoriroq boʻladi. Chet elga ishga yoki sayohatga ketsa ham ingliz tilini bilsa, imkoniyatlari yana-da kengroq ochiladi. Ingliz tilini yaxshi bilgan oʻqituvchilar esa davlat byudjetidan 30 foiz ustama haqi olishi bilan birgalikda, repetitorlik orqali qoʻshimcha daromad olish imkoniyatiga ham ega boʻladi.

Oddiy misol, AQSHda biron-bir katta kompaniyaning mijozlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha telefon nomeriga murojaat qilinsa, odatda hindcha aksentida javob berishadi, chunki bunday qoʻngʻiroqlar toʻgʻri Hindistondagi call-sentrga yuboriladi. Bizda amerikalik isteʼmolchilar uchun ortiqcha aksentsiz gapiradigan mutaxassislar koʻproq boʻlsa, kelgusida AQSH kompaniyalari xizmatlarini Oʻzbekistonga autsors qilish imkoniyatlari ham kengayadi. Shunga ingliz tilida ravon soʻzlashadigan bitiruvchilar oliy taʼlimga kira olmasa yoki dasturchilikni oʻrgana olmasa, juda boʻlmasa, internet orqali call-sentr xizmatlarini koʻrsatishi va oila roʻzgʻori uchun qoʻshimcha daromad topishi mumkin boʻladi.

Hozirning oʻzida minglab yoshlarimiz ingliz tilini bilgani uchun Oʻzbekistonda oilasi bagʻrida yashab, internet orqali xorijiy kompaniyalarga turli xizmatlar koʻrsatib, mahalliy bozorga koʻrsatilgan xizmatlardan koʻra yaxshiroq daromad topmoqda" deb yozdi Sherzod Shermatov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?