“Sheʼrlarim yangrab qolur, Bir umrga oʻlmayman!” Namanganda otashnafas shoir Usmon Nosir haykali ochildi

11:32 14 Noyabr 2022 Jamiyat
325 0

Foto: Xalq so‘zi

Shoh Mashrabga beshik boʻlgan Namangan yana bir otashnafas shoir – Usmon Nosir nomi bilan ham tilga olinadi. Hayotga chaqmoqday kelib-ketgan bu isteʼdod egasi qisqa umri davomida oʻziga sheʼriyatdan mangu haykal qoʻyishga ulgurdi. Uning Vatan ozodligi, xalqiga muhabbat bilan yoʻgʻrilgan asarlari, oʻzga tillardan mohirona oʻgirilgan tarjimalari milliy adabiyotimiz xazinasida gavhar misol hali-hamon yolqinlanib turibdi. Shoirning oʻziga esa shum qismat nasib etdi, xolos. Uni yigirma besh yoshida oʻz domiga tortgan shafqatsiz qatagʻon mashinasi erk kuychisining orzu-umidlariga nuqta qoʻydi. Garchi Usmon Nosir jismonan mahv etilganiga yetmish sakkiz yildan oʻtgan boʻlsada, uning ijodi, oʻlmas asarlari xalq dilidan oʻchgani yoʻq. Mana, endi shoir xotirasiga chinakam ehtirom koʻrsatish, uning tavallud sanasini mamlakat miqyosida nishonlash kun tartibiga qoʻyildi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 10-fevralida qabul qilingan “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori serqirra isteʼdod sohibi, navqiron yoshida mustabid tuzum qurboniga aylangan isyonkor qalbning ikkinchi umrini boshlab berdi, desak toʻgʻri boʻladi.

Namanganda mazkur qaror ijrosi doirasida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimlari tomonidan joylarda adabiy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

13-noyabr - Usmon Nosir tugʻilgan sana. U tugʻilib oʻsgan Namanganga poytaxtdan kelgan mehmonlar, viloyat adabiy jamoatchiligi va aholi vakillari erta tongda gullar shahrining koʻrkam manzillaridan biridagi Usmon Nosir xiyoboniga toʻplandilar. Bu maskan qisqa vaqt ichida barpo etilgan boʻlib, adabiyot ixlosmandlari, butun shahar ahlini chorlab turuvchi fayziyov goʻshaga aylandi. Xiyobon markazida shoirning salobatli haykali qad rostlagan. Iqtidorli haykaltarosh Qodir Namozov tomonidan yaratilgan yosh Usmonning siymosi atrofga joʻshqinlik va qatʼiyat bilan boqadi.

Yodgorlikning ochilishi katta tantanaga aylandi. Unda soʻz olgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov va boshqalar shoir xotirasini abadiylashtirish, uning asarlari boʻyicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar xususida toʻxtaldilar. Tantana chogʻida ishtirokchilarga shoirning jiyani, adabiyotshunos olima Nodira Rashidovaning ikki jildlik “Usmon Nosir” romani sovgʻa qilindi.

— Bundan besh yil avval davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maʼrifatparvar shoirimiz Isʼhoqxon Ibratning xotirasi abadiylashtirilgan edi, endi Namanganning milliy uygʻonish adabiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshgan yana bir vakili nomi tiklandi, — deydi faxriy jurnalist Komiljon Fayziyev. — Bu, eng avvalo, namanganliklar, qolaversa, butun oʻzbekistonliklar dilidagi ish boʻldi. Chunki Usmon Nosir haqidagi haqiqat, uning oʻlmas asarlari xalqimizga qaytdi.

Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori ijrosi doirasida Usmon Nosir tugʻilgan sobiq Avliyo domla mahallasida ham katta hajmda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bu yerda shoirning uy-muzeyi tashkil etilib, uning hayoti va ijodi haqida soʻylovchi tarixiy eksponatlar bilan toʻldirildi. Binodan ikki mingga yaqin kitob fondiga ega kutubxona ham oʻrin olgan. Uy-muzeyi va kutubxonaning ochilishida hozir boʻlgan mehmonlardan biri — professor Qozoqboy Yoʻldoshev zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojida Usmon Nosir ijodiy merosining oʻrni haqida toʻxtalib oʻtdi.

Adabiyot va sanʼat bayrami tadbirlari tushdan soʻng viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. Teatrning ijodiy jamoasi Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo asari asosida rejissyor A. Xolmoʻminov tomonidan sahnalashtirilgan “Usmon Nosir” dramasini ilk bor tomoshabinlarga taqdim etdi.

Aytish kerakki, Usmon Nosir tavalludining 110-yillik yubiley sanasi munosabati bilan noyabr oyida qator madaniy-maʼrifiy va adabiy tadbirlar oʻtkazish koʻzda tutilgan. Oʻtgan kuni Namangan davlat universitetida “Zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojida Usmon Nosir ijodiy merosining oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Qozogʻiston, Tojikiston, Ozarbayjon va Turkiya davlatlaridan adabiyotshunos olimlar ishtirok etgan anjumanda shoir ijodi qardosh davlatlarda ham chuqur oʻrganilayotgani, tadqiqot natijalari, tarjimalar haqida soʻz yuritildi. Namangan muhandislik-texnologiya institutida esa Usmon Nosir xiyoboni barpo etilib, shoir byusti oʻrnatildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер