Shavkat Mirziyoyevning Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan norasmiy sammitidagi nutqi

22:01 31 Mart 2021 Siyosat
1046 0

Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich!

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Avvalambor, xalqaro Navroʻz bayrami davom etayotgan ushbu fayzli kunlarda Siz, azizlarni koʻrib turganimdan mamnunman.

Bugungi uchrashuvni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan muhtaram oqsoqolimiz, Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti – Elboshi, Turkiy Kengashning Faxriy raisi Nursulton Abishevich Nazarboyevga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Anjumanimiz ulugʻ shoir va mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviy yashab oʻtgan qadimiy va navqiron Turkiston shahri bilan bogʻlangani bejiz emas.

Ushbu shahri azim “Turk dunyosining ruhoniyat poytaxtlaridan biri” sifatida eʼlon qilinishida chuqur ramziy maʼno bor.

Maʼlumki, Mir Alisher Navoiy hazrat Yassaviyga “Turkiston mulkining shayxul mashoyixi” deb yuksak baho berganlar.

Ahmad Yassaviyning oʻlmas merosi buyuk ajdodlarimi – Jaloliddin Rumiy va Yunus Emro, Yusuf Xos Hojib, Nizomiy Ganjaviy, Maxtumquli Firogʻiy va Boborahim Mashrab kabi shoirlar qatorida turkiy xalqlarning umumiy maʼnaviy boyligi sifatida ardoqlab kelinadi.

Ahmad Yassaviy oʻz davrida butun musulmon olamida
“Islom dinining quvvati” deb shuhrat qozongan Buxoroi sharifda Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq Gʻijduvoniy kabi mashhur ulamolardan tahsil olgani ota-bobolarimizning doimo safdosh va hamfikr boʻlib kelganini koʻrsatadi.

Oʻzining diniy-axloqiy qarashlari bilan mintaqamizda ulkan obroʻ-eʼtibor qozongan hazrat Yassaviyga buyuk Amir Temur chin dildan ixlos qoʻygani, uning xotirasiga atab muhtasham maqbara bunyod etganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Shuningdek, Sohibqiron bobomiz ushbu majmuaning moddiy taʼminoti uchun vaqf tashkil qilgani va bu jamgʻarma asrlar davomida faoliyat koʻrsatgani el-yurtlarimizning tarixiy birligidan dalolat beradi.

Bugungi kunda Ahmad Yassaviy ziyoratgohini barcha qardosh xalqlarimiz tabarruk qadamjoy sifatida cheksiz qadrlaydi.

Koʻpmillatli Turkiston shahri soʻnggi yillarda tobora goʻzal va obod boʻlib borayotgani, ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanayotganiga barchamiz hozir videolavhalar orqali guvoh boʻldik.

Bugungi fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyev va ozarbayjon xalqini, Togʻli Qorabogʻ hududini qaytarib, tarixiy adolatni tiklash yoʻlidagi gʻalabasi bilan yana bir bor tabriklayman.

Oʻzbekiston Togʻli Qorabogʻ zaminidagi koʻhna obidalar, madaniyat va maʼrifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qoʻshishga tayyor ekanini bildiramiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Mushtarak til va yagona din, tarixiy va madaniy rishtalar asosida shakllangan Turkiy Kengash tashkiloti mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda.

Tashkilotimiz oʻz taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻyar ekan, biz har qanday sinov va tahdidlarni birgalikda yengib oʻtishga tayyor boʻlishimiz, mavjud salohiyatimizdan toʻliq foydalanishimiz zarur.

Bu borada bizning oldimizda muhim vazifalar turibdi.

Birinchidan, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bizning asosiy maqsadimizga aylanishi darkor.

Ayni paytda ishlab chiqilayotgan “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konseptual hujjati asosida hozirgi va pandemiyadan keyingi vaziyatni inobatga olgan holda, aʼzo davlatlarga xos, yaqin va oʻrta istiqbolga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini tayyorlashni taklif qilamiz.

Bunda asosiy urgʻuni kechayotgan global inqirozning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, savdo, investitsiya, sanoat, transport aloqalarini tiklash va yangi sharoitlarda rivojlantirish, elektron tijorat hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, biznes va hududlararo hamkorlik imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishga qaratish lozim.

Ikkinchidan, davlatlarimiz oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida bildirilgan takliflarni qoʻllab-quvvatlagan holda, Turkiy Kengashning oʻz Investitsiyaviy jamgʻarmasi hamda Taraqqiyot bankiga ega boʻlish fursati yetdi, deb hisoblaymiz.Bu borada amaliy ishlarni boshlash tarafdorimiz.

Uchinchidan, mintaqamizning transport va tranzit salohiyatini oshirish biz uchun strategik ahamiyatga ega.

Markaziy Osiyo hududi orqali dunyoning asosiy bozorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Osiyoning boshqa mamlakatlariga, Ozarbayjon va Turkiyadan Yevropa davlatlariga chiqish muhimdir.

Mazkur yoʻnalishlarda transport yoʻlaklarini rivojlantirish va yirik logistika infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish umumiy manfaatlarimizga toʻliq javob beradi.

Toʻrtinchidan, dinimiz tarixida beqiyos iz qoldirgan ulugʻ bobolarimiz merosi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish ezgu intilishlarimizga mosdir.

Bu borada mamlakatlarimiz hududida joylashgan muqaddas qadamjoylar boʻylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirishni taklif etamiz.

Buning uchun Kengash doirasida Ziyorat turizmini rivoj-lantirish dasturini qabul qilish maqsadga muvofiqdir.

Beshinchidan, xalqlarimizning dunyoviy fanlar rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini va boy madaniy merosini chuqur oʻrganish, turli tadqiqotlar olib borish hamda jahon miqyosida targʻib etish katta ahamiyatga ega.

Biz “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomini olgan Xiva shahrida sentyabr oyida YUNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forum oʻtkazish niyatidamiz.

Fursatdan foydalanib, barcha aʼzo davlatlarni ushbu anjumanda ishtirok etishga taklif qilamiz.

Oltinchidan, biz Bokuda oʻtkazilgan sammitda adabiyot va sanʼat sohasida Xalqaro mukofotni taʼsis etish tashabbusini ilgari surgan edik.

Tashkilotimizga aʼzo davlatlarning Siz, hurmatli rahbarlariga Turkiy Kengashning ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida xalqaro mukofot taʼsis etish haqidagi taklifni maʼqullaganingiz uchun tashakkur izhor etaman.

Ushbu mukofotni Mir Alisher Navoiy nomi bilan atash haqidagi taklifni qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun oʻz nomimdan, Oʻzbekiston xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman. Bunday hurmat-eʼtibor va ishonch biz uchun katta sharafdir.

Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori boʻlgan, ulugʻ zot – Alisher Navoiyga yuksak ehtirom ifodasi, deb qabul qilamiz. Bu nufuzli mukofotning taʼsis etilishi turkiy birlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Shu oʻrinda Tashkilotimiz oldida turgan muhim va ustuvor masalalar bugun qabul qilinadigan Turkiston deklaratsiyasida oʻz ifodasini topganini va uni qoʻllab-quvvatlashimizni maʼlum qilaman.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Soʻzimning yakunida Turkiy Kengashning faxriy raisi – muhtaram oqsoqolimiz, Elboshi Nursulton Abishevichga, Qozogʻiston Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga bugungi muloqotni yuqori darajada tashkil etganlari uchun yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Barchangizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, Tashkilotimiz nufuzi va samaradorligini oshirish yoʻlidagi sharafli ishlaringizda ulkan kuch-gʻayrat va omadlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?