Shavkat Mirziyoyevning Shahidlar xotirasi xiyobonida aytgan gaplari rus OAVlarida keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda

18:36 02 Sentyabr 2022 Siyosat
2416 0

Foto: president.uz

Joriy yilning 31-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrifi davomida xiyobonni koʻzdan kechirib, jadidlarning oʻzbek millatiga qoʻshgan hissasi, ularning shonli hamda turli qiyinchiliklar bilan kechgan tarixi haqida eslab oʻtgan.

Фото: president.uz

— Bu yerga har gal kelib, eʼtibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson boʻlmagan. Istiqlolimizga 31 yil boʻlgani bilan bobolarimiz 100-yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatagʻonga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Tahlil boʻlgan. Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi boʻlgan. 2-3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek boʻladi, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, mustabid tuzum faqat jadidlarni yoʻq qilish bilan cheklanib qolmagan. Oʻtgan asrning 80 yillarida ham minglab vatandoshlarimiz turli boʻhtonlar bilan qamoqqa olingan, xoʻrlangan.

— Bugun ham yoʻlda oʻylanib kelyapman. 30 yillarni eski tarix desa, “paxta ishi”chi?! Yetakchilarimizni qatagʻon qilish uchun soxta ayblovlar oʻylab chiqarishdiku. Boshqa respublikalarda yoʻqmidi kamchilik? Bunday alamli voqealarni hech qachon unutib boʻlmaydi. Bugungiday bayramlarda, tinch-osoyishta kunlarda shularni ham yuragimizdan oʻtkazib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak, — deya taʼkidlagan Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqi davomida.

Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurgan Shavkat Mirziyoyevning oʻsha yerda aytgan gaplari rus OAVlarida keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda va notoʻgʻri, aniqroq aytganda, provokatsion talqin qilinmoqda.

Bunday provokatsion holatga Oʻzbekiston siyosatchilari oʻz munosabatini bildirmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” DP MK raisi Alisher Qodirov:

Фото: Daryo

«Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha qilgan maʼruzasi Rossiya Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulinni asossiz talqiniga suyanib xato xulosalarga sabab boʻlibdi.

Davlat rahbari tarixiy faktlarga asoslanib, yaqin oʻtmishning qora kunlarini eslatib oʻtdi. Oʻsha qora kunlarda xalqimizning eng ilgʻor fikrlovchi qatlamlarning yakson qilinganini eslamaslik, kelajakda bu kabi xatolarni takrorlanishiga olib kelishi mumkin.

Prezident nafaqat oʻzbek, balki oʻsha davrda sovet davlatida yashagan barcha millatlarning ziyolilariga nisbatan qilingan vahshiy nohaqliklar haqida gapirdi. Buni anglash va toʻgʻri talqin qilish uchun katta tarixchi boʻlish shart emas, menimcha.

Hamkasblarimga shunday ham murakkab boʻlgan muhitni yana murakkablashtiradigan, mintaqadagi tinchlik va osoyishtalikka putur yetkazadigan talqinlardan tiyilishni tavsiya qilaman. Zero bundan hech kim yutmaydi!

Oʻynab gapirsak ham, oʻylab gapiradigan vaqtda ishlayapmiz», — degan oʻz munosabatida.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bunga munosabat bildirdi:

Фото: Архив сурат

«Prezident Sh.M.Mirziyoyevning qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan marosimdagi nutqiga Rossiya OAVlarida berilgan “munosabatlar”ini oʻqib chiqdim.

Mustabid tuzum qatagʻon qurbonlari xotirasini yod etgan Oʻzbekiston Prezidentining muvozanatli, bosiq va oʻta samimiy nutqiga mutlaqo noadekvat munosabat.

Oʻzi munozara nima haqida? Mustabid tuzum shafqatsiz va berahm boʻlganligimi? Yoki halok boʻlganlar haqiqatan ham gʻayriinsoniy qatagʻon qurbonlari boʻlganligimi? Aqli toʻgʻri va xotirasi aniq boʻlgan hech qaysi inson u yoki buni soʻroq qila olmaydi.

Tuzumga qarshi, Vatan ozodligi uchun oʻz ovozini baland koʻtarishga jurʼat etgan minglab va minglab yurtdoshlarimiz uchun poligon va qabriston boʻlib qolgan joyda oʻtgan marosimda men ham qatnashdim. U chin qalbdan, yoriq va tantanali, qandaydir samimiy, insoniy tarzda oʻtdi.

Aynan shu joyda jallodlar tomonidan oʻz oʻlimini jasorat bilan qabul qilganlar oldidagi qarzimizni insoniy ravishda qaytardik. Bu endi shov-shuvli siyosiylashtirish va populistik vahima uchun sababmi?»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?