Shavkat Mirziyoyev: Jamiyatdagi oʻzgarishlarda mahalla tashabbuskor, xalqqa yelkadosh boʻlishi kerak

21:38 10 Avgust 2022 Siyosat
550 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sobirobod mahallasiga bordi.

Bu yerda 10 mingga yaqin aholi yashaydi. Mahallabay tizim natijasida ijtimoiy muhim masalalar hal etilmoqda. Koʻp qavatli uylarning qiyofasi yangilandi, yoʻlaklari, kommunikatsiya tarmoqlari taʼmirlandi.

Mahalla hududidan oʻtuvchi Yuqori Qoraqamish kanali atrofi ilgari qarovsiz, koʻrimsiz joy edi. Endilikda obodonlashtirilib, soʻlim xiyobonga aylantirildi. Piyodalar uchun koʻpriklar, bolalar oʻyingohi va sport maydonchalari, velosiped yoʻlagi, favvora barpo etildi. Oʻrindiqlar, shaxmat stoli, charxpalak oʻrnatildi. Daraxtlar ekilib, chimlar yotqizildi. Kanal atrofidagi hududda 300 metr uzunlikdagi ishkomlar oʻrnatilib, uzumlar ekildi.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Hozir mahalla faollari katta bir komanda boʻldi. Raisning yonida oʻrinbosarlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika noziri bor. Boʻlgandayam, oyligi, sharoiti, vakolati bilan bor. Endi shunday munosabatga javoban masʼuliyat ham boʻlishi kerak. Jamiyatdagi oʻzgarishlarda mahalla tashabbuskor, xalqqa yelkadosh boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sobirobod mahallasining oʻsish nuqtasi - tadbirkorlik. Bu yerda oʻnlab subyektlar – ishlab chiqarish korxonalari, maishiy xizmat shoxobchalari, xususiy klinikalar, oziq-ovqat doʻkonlari faoliyat koʻrsatmoqda. Bunday ishlar boshqa mahallalarda ham yoʻlga qoʻyilgan.

Shu yerda Bosh vazir oʻrinbosarlari mahalla faollari oldida Yunusobod tumaniga qancha investitsiya jalb etilishi, qancha ish oʻrni yaratilishi boʻyicha axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?