Shavkat Mirziyoyev yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari tashabbuskori va arxitektori — Imomali Rahmon

16:15 11 Iyun 2021 Siyosat
390 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan birgalikda Xoʻjand shahri yaqinidagi “Arbob” madaniyat saroyiga tashrif buyurdi. Bu yerda Soʻgʻd viloyati jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tojikiston peshvosi Emomali Rahmon Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan ikki mamlakat oʻrtasida ishonch va doʻstlik muhiti yaratilganini taʼkidladi.

- Ilgari toʻplanib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib boʻlarmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz oʻrtasida hal boʻlmagan masala qolmadi, oʻzaro ishonch paydo boʻldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va arxitektori hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, - dedi Emomali Rahmon.

Keyingi yillarda davlat chegaralarida 17 ta oʻtkazish punkti ochilgani, Tojikiston xalqi bundan minnatdor ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarga chuqur hurmatini bildirib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni qadrlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish haqida nutq soʻzladi.

– Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida qaror topgan yaxshi qoʻshnichilik va abadiy doʻstlik tufayli biz ulkan natijalarga erishmoqdamiz. Albatta, bunday yutuqlarga erishishda Siz, azizlarning, ikki mamlakat jamoatchiligi va ziyolilarining beqiyos hissasi borligini biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Prezidenti tashrifining muhim qismi Xoʻjand shahrida oʻtayotgani bejiz emas. Bu qadimiy shahar oʻzbek va tojik xalqlari uchun birdek qadrli. U asrlar davomida Buyuk Ipak yoʻlidagi markazlardan biri boʻlib, mintaqamiz madaniy hayotida muhim oʻrin tutgan.

Dushmanga qarshi yelkama-yelka kurashgan buyuk sarkardalar –xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi va Xoʻjandning shonli farzandi Temur Malik jasorati xalqlarimiz xotirasida muhrlanib qolgan. Keyinchalik temuriylar, shayboniylar va xonliklar davrida ham Xoʻjand muhim qoʻrgʻon boʻlgan, rivojlangan.

Bugungi kunda Xoʻjand shahrida Oʻzbek maʼnaviyati va maʼrifati markazi, mahalliy universitetda oʻzbek filologiyasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan ilmiy maktab faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekistonda, barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda bir million olti yuz ming nafar tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, oʻqituvchi va shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor.

Mamlakatimizda 15 ta tojik milliy madaniyat markazi millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda. Tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. 255 ta maktabda taʼlim tojik tilida olib borilayotir. Bir qator oliy oʻquv yurtlarida shunday fakultetlar va boʻlinmalar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ushbu yoʻnalishlarga qabul oʻrinlari ikki barobar ortadi.

Mamlakatimizda keyingi yillarning oʻzida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston va Tojikistonda ikki xalqning madaniyati va sanʼatini oʻrganishga, oʻzaro boyitishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi davomida imzolangan hujjatlar bunga yana-da keng imkoniyat yaratadi. Xususan, Madaniy-gumanitar hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim xalqlarimizning maʼnaviy aloqalarini mustahkamlash, yoshlarimizni umumiy manfaatlar atrofida jipslashtirishga yoʻnaltirilgan qator loyihalarni koʻzda tutadi.

Uchrashuvda dunyo shiddat bilan oʻzgarayotgani, bizning mintaqamizda ham xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelayotgani qayd etildi.

– Biz tinchlik va barqarorlik, doʻstlik va hamkorlik kabi buyuk neʼmatlarni alohida qadrlashimiz va mustahkamlashimiz, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini tarbiyalashimiz kerak, - dedi Oʻzbekiston Prezidenti. – Saʼy-harakatlarimizni birlashtirsakkina, xalqlarimiz uchun tinchlik va xotirjamlikni, kelgusi avlodlarga farovon hayotni taʼminlashdek umumiy maqsadga erishishimiz mumkin. Ishonchim komilki, siz, ijodiy va ilmiy sohalarning hurmatli vakillari, oʻzingizning boy bilim va hayotiy tajribangiz, tashabbuskorlik va gʻayratingiz bilan xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshasiz.

Prezidentlar “Arbob” madaniyat saroyini koʻzdan kechirdilar. Ushbu majmua 1959-yilda barpo etilgan. U tojik xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega. Oʻtgan asrning 90-yillari boshida bu yerda mamlakat mustaqilligiga doir muhim qarorlar qabul qilingan. Bu yerda 1992-yilda – Tojikiston taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan pallada Emomali Rahmon davlat rahbari lavozimiga kirishgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?