Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan telefon orqali muloqot qildi

18:29 24 Iyul 2021 Siyosat
757 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik va katta muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston-Turkiya koʻp qirrali hamkorligining jadal rivojlanishiga xizmat qilayotgan oʻzaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, joriy yil boshidan tovar ayirboshlash qariyb ikki baravarga koʻpaydi, 230 dan ortiq yangi qoʻshma korxona tashkil etildi, muhim madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari boʻlajak tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar hamda joriy yil yakuniga qadar mamlakatimizda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishini oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrish muhim ekanini taʼkidladilar.

Mintaqaviy sheriklikning amaliy jihatlari, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyatning keskinlashishi nuqtayi nazaridan muhokama qilindi.

Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy bogʻliqlikni kuchaytirish boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasining yakunlari yuksak baholandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?