Shavkat Mirziyoyev Turkiyadagi “Xalq kutubxonasi” ochilishida ishtirok etdi va noyob kitoblarni tuhfa qildi

21:43 20 Fevral 2020 Siyosat
2427 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan hamrohligida bugun, 20-fevral kuni Turkiya Respublikasi Devonining “Xalq kutubxonasi” ochilish marosimida ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva “Xalq kutubxonasi“ (Millet Kütüphanesi)ning tantanali ochilish marosimida “Faxrli mehmon” sifatida ishtirok etdilar.

Shuningdek, ochilish marosimida butun dunyodan ikki mingga yaqin mehmon — olimlar, yozuvchilar, taʼlim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari qatnashdi.

Millet Kütüphanesiʼni qurish ishlari 2016-yilda boshlangandi. Uning maydoni 125 ming metr kv. Kutubxona bir vaqtning oʻzida 5 ming kishiga xizmat koʻrsata oladi. Kutubxonada 4 million bosma, 120 million elektron nashrlar va 550 mingta elektron kitob hamda nodir asarlar bor.

Kutubxona loyihasini tayyorlashda Turkiyaning koʻzga koʻringan madaniyat vakillari, sahhoflar, kutubxona boshqaruvchilari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilingan.

201 km. lik kitob javonida 100 davlatda 134 ta tilda chiqarilgan kitoblar bilan birga 120 millionga yaqin maqolalar ham joy olgan. Millet Kütüphanesi kattaligi va xizmat koʻrsatish sifati boʻyicha dunyodagi yetakchi kutubxonalardan boʻlishi kutilyapti.

Kutubxona qurilishida ham oʻziga xoslik mavjud. Kompleksdagi Cihannüma zali tarixda boʻlgan 16 ta turkiy davlat sharafiga 16 ta ustun bilan mustahkamlangan. Zalning maydoni 3,5 ming metr kv boʻlib, 224 kishilik oʻrin va 200 mingga yaqin kitob bilan toʻldirilgan.

Imorat gumbazining ichki tarafiga Qurʼoni Karimdagi Al-Alaq surasining 4 va 5-oyatlari yozilgan: “U (insoniyatga) qalamni (yaʼni, yozishni — xatni) oʻrgatgan oʻta Karamli Zotdir. U Zot insonga uning bilmagan narsalarini oʻrgatdi”.

Kutubxonaning Dunyo kitoblari boʻlimida Oʻzbekiston, Hindiston, Chili, Fransiya, Xitoy va Belarusda topilgan baʼzi kitoblar ham olib kelingan.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq ham soʻzladi.

Davlatimiz rahbari shunday muhim va shukuhli voqeaga taklif uchun minnatdorlik bildirib, qardosh turk xalqini ushbu ilm-maʼrifat maskani bilan muborakbod etdi.

Shavkat Mirziyoyev dunyoda oʻta noyob boʻlgan “Usmon Musʼhafi”ning xattotlarimiz tomonidan koʻchirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom, Yunus Emro sheʼrlarining oʻzbek tiliga tarjimasi jamlangan “Oʻlmas koʻngul” deb nomlangan kitoblarni kutubxonaga tuhfa qildi.

Shuningdek, Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblar taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер