Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashning norasmiy sammitida ishtirok etdi

21:28 31 Mart 2021 Siyosat
939 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raislik qilgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti - Elboshi, Turkiy kengashning Faxriy raisi Nursulton Nazarboyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Turkiy kengash bosh kotibi Bagʻdod Amreyev qatnashdi.

Tadbirda tashkilot doirasida iqtisodiyot, savdo, transport sohalaridagi koʻp qirrali amaliy hamkorlikni hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda barcha turkiy xalqlarning maʼnaviy yuksalishiga katta hissa qoʻshgan buyuk shoir va mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviy merosiga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari diniy-axloqiy qarashlari bilan mintaqamizda ulkan eʼtibor qozongan hazrat Yassaviyga Sohibqiron Amir Temur ixlos qoʻygani hamda uning xotirasiga atab Turkiston shahrida muhtasham maqbara bunyod etganini qayd etdi.

Bugungi kunda Ahmad Yassaviy maqbarasi barcha qardosh xalqlarimiz uchun tabarruk qadamjo hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida mustahkam tarixiy rishtalar, mushtarak til, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar asosida shakllangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiya taʼsirida davom etayotgan global inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish yoʻlida kengashning yaqin va oʻrta istiqbolga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, savdo, investitsiya, sanoat, transport aloqalarini tez fursatda tiklash va yangi sharoitlarda rivojlantirish, elektron tijorat hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ishbilarmon doiralar va hududlararo hamkorlik imkoniyatlaridan toʻliqroq foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Turkiy tilli mamlakatlar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifalardan biri ekanligi, Turkiy kengash doirasida Investitsiya jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish va ishga tushirish boʻyicha amaliy ishlarni jadallashtirish zarurligi taʼkilandi.

Oʻzbekiston Prezidenti mintaqamizning ulkan strategik ahamiyatga ega transport va tranzit salohiyatidan yana-da unumli foydalanishga, Osiyodagi global bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo hududida transport yoʻlaklarini, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga eltuvchi yoʻnalishlarni rivojlantirish, logistika infratuzilmasini kengaytirish boʻyicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirishga chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlardagi muqaddas qadamjolar boʻylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish, shu maqsadda Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi.

Buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning turkiy dunyo maʼnaviy-marifiy hayotiga qoʻshgan beqiyos hissasini inobatga olib, davlatimiz rahbari fan, taʼlim, adabiyot, sanʼat, ijtimoiy sohalardagi yutuqlar hamda turkiy dunyo birligini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirish maqsadida Turkiy kengash doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis qilishni taklif etdi.

Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslari sammit ishtirokchilari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.

Oliy darajadagi uchrashuv yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilinib, unda norasmiy sammitda erishilgan asosiy kelishuvlar aks etdi.

Turkiy kengashning sakkizinchi sammitini 2021-yilning kuzida Turkiya Respublikasida oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?