Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga oʻz korxonalari ularga mulk qilib rasmiylashtirib berilishini maʼlum qildi

14:44 20 Avgust 2021 Jamiyat
418 0

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtayotgani haqida xabar bergan edik.

Unda davlat rahbari yer ajratish masalasi boʻyicha 4 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushganini aytdi.

«Joriy yilda ushbu yoʻnalishda katta islohotlarni boshladik. Bu borada Oliy Majlis palatalari tomonidan maʼqullangan Qonunni men kuni kecha imzoladim. Bu hujjat mamlakatimizning yangi tarixida eng katta islohotlardan biri boʻldi, deb hech bir mubolagʻasiz ayta olamiz.

Mana shu islohotlar mazmunini tarmoq va hudud rahbarlari ham, tadbirkorlar ham, aholimiz ham yaxshi tushunib olishlari zarur.

Birinchidan, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.

Ikkinchidan, biz barcha yerlarni 2 ta toifaga, yaʼni qishloq xoʻjaligi yerlari va noqishloq yerlariga ajratdik.

Qishloq xoʻjaligi yerlari – bu bizning bebaho milliy boyligimiz, oziq-ovqat xavfsizligi, bu oddiy qishloq aholisining kundalik hayoti, degani. Shuning uchun, ushbu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Tanlov – har bir yer uchastkasi boʻyicha “bu yerni olishga kim eng koʻp haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun oʻtkaziladi.

Bu tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham, teng shartlarda ishtirok etadilar.

Uchinchidan, noqishloq yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladi. Biz soʻnggi bir yarim yil davomida yerlarni auksion orqali ochiq-oshkora sotish boʻyicha yetarli tajriba orttirdik.

Lekin aksariyat hollarda auksionga qoʻyilgan yer maydonlarining tadbirkorga maʼqul joylardan emas, balki olis, chekka hududdagi infratuzilmasi boʻlmagan joylardan berilgan. Yaxshi maydonlar esa har xil yoʻllar bilan hokimlar qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri berib kelingani ham hech kimga sir emas.

Bundan buyon yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

Koʻpchilikda “yer xususiy boʻldi nimayu, xususiy boʻlmadi nima”, degan fikr boʻlishi tabiiy, albatta. Chunki, bizda yerga xususiy mulkchilik bekor boʻlganidan buyon 3-4 ta avlod almashdi.

Bir narsani aniq bilib olish zarur: xususiylashgani bilan yer maydonlari kamayib yoki koʻpayib qolmaydi, lekin uning bozor qiymati paydo boʻladi. Yeri bor odam haqiqiy mulkdorga, kapital egasiga aylanadi.

Toʻrtinchidan, koʻpchilik tadbirkorlarni oʻz korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima boʻladi, degan savollar qiynayotgani ham joylarda bor gap.

Ushbu korxonalarning hozirda egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi. Yaʼni, bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining oʻzi haqli boʻladi.

Bunda, yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi. Bundan keyin tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov obyekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar

Men oʻylamanki, bu yangiliklar tadbirkorlarimiz uzoq yillar kutgan tarixiy adolatni roʻyobga chiqaradi», dedi davlat rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?