Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinga Xitoy Kommunistik partiyasining Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yoʻlladi

15:12 23 Oktyabr 2022 Siyosat
967 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani hamda u partiyaning Markaziy qoʻmitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yoʻlladi.

“Xitoy Xalq Respublikasi Sizning rahbarligingiz ostida misli koʻrilmagan yutuqlarga erishib kelmoqda. Uzoqni koʻzlagan dono siyosatingiz, olib borayotgan keng koʻlamli islohotlaringiz, avvalo, Xitoy xalqining turmush tarzini tubdan yaxshilashga va mamlakatning bardavom taraqqiyotini mustahkamlashga xizmat qilmoqda”, deyiladi jumladan maktubda.

Davlatimiz rahbari Si Szinpin tomonidan eʼlon qilingan yangi rejalar va olgʻa surilgan barcha tashabbuslar Xitoy davlatining gullab-yashnashiga munosib hissa qoʻshishi va uning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishiga ishonch bildirgan.

Bugungi kunda Xitoy Oʻzbekistonning yetakchi savdo hamkoriga aylangani, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etilgan.

“Siz, aziz birodarim bilan bundan keyin ham doʻstona va ochiq muloqotlarni davom ettirishga tayyorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, kelajakda Oʻzbekiston-Xitoy oʻzaro manfaatli aloqalarini birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan yanada yuqori choʻqqilarga albatta olib chiqamiz”, deyiladi maktubda.

Mamlakatimiz yetakchisi Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, doʻst Xitoy xalqiga esa tinchlik va davomiy ravnaq tiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?