Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etdi

19:04 10 Noyabr 2020 Siyosat
307 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida oʻtgan yigʻilishda, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vaziri Sadir Japarov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi ishtirok etdilar.

Bundan tashqari, sammit ishida SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani, Moʻgʻuliston Prezidenti Xaltmaagiyn Battulgʻa, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko hamda SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Jumaxon Gʻiyosov qatnashdilar.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish sammit ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi.

Uchrashuv kun tartibiga muvofiq yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida SHHT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar delegatsiyalarining rahbarlari ustuvor yoʻnalishlarda koʻp tomonlama munosabatlarning bugungi holatini tahlil qilib, ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nutq soʻzlar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti oʻz taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini alohida taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish anʼanalarini asrash va koʻpaytirishga chaqirdi. “Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi boʻlgan koʻp tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi - “Shanxay ruhini” mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” ekanini taʼkidladi.

Oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, Shanxay hamkorlik tashkiloti kun tartibidagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlash keng Yevroosiyo makonida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni taʼminlashning bosh sharti sifatida qayd etildi. “Har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT ham kuchli boʻladi”.

Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida SHHTning savdo-iqtisodiy hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish boʻyicha uzoq muddatli hujjatlarini qabul qilish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kuchaytirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda axborot texnologiyalarining roli ortib borayotganini qayd etib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholini oʻqitishga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Oʻzbekiston rahbari kambagʻallikni qisqartirish masalalarida yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etdi. Tashkilot doirasida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari yigʻilishlari mexanizmini yaratish va tegishli dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi. Kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida mamlakatimiz xalqaro forum oʻtkazishga tayyor ekani bildirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHTning Epidemiya tahdidlariga qarshi kurash boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarning kompleks rejasi tasdiqlanganini maʼqullab, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorlikni yana-da faollashtirish, yuqumli kasalliklar boʻyicha tibbiyot muassasalari tarmogʻini yaratish, Telemeditsina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari yangi shakllar kasb etayotgan terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlariga qarshi kurash masalalari Shanxay hamkorlik tashkiloti eʼtibori markazida boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Bunga SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini tashkilot makonida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish hamda vakolatli idoralar orasidagi muloqotlarni yana-da koʻpaytirish xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti sammit ishtirokchilarini Afgʻonistondagi tinchlik jarayonlarini va ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etishni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Shu munosabat bilan “SHHT-Afgʻoniston” muloqot guruhi doirasida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda qabul qilish taklif etildi. Afgʻonistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi koʻprik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yoʻlaklarini barpo etish tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu va boshqa masalalar Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2021-yilning aprel oyida Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Xatar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasining kun tartibiga kiritilishi mumkin.

Kelgusi yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti 20 yoshga toʻladi. Prezidentimiz ushbu muhim sana arafasida “SHHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi roli” xalqaro forumini oʻtkazishni taklif etdi.

Sammit yakunida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining Moskva deklaratsiyasi qabul qilindi hamda tashkilot doirasidagi oʻzaro manfaatli koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar toʻplami imzolandi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan sammitda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bayonoti qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?