Shavkat Mirziyoyev: Qashqadaryo oʻzining salohiyatiga mos yashamayapti 

12:41 13 Noyabr 2020 Siyosat
377 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazmoqda.

Tadbir boshida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy holati tanqidiy tahlil qilindi.

– Bu yerga kelishimdan asosiy maqsad – sizlar bilan birga hudud rivojiga kuchli turtki berish boʻyicha aniq vazifa va chora-tadbirlarni belgilab olish. Qashqadaryo oʻzining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning koʻpgina hududlaridan ancha orqada, – dedi davlat rahbari.

Bu zamin ulkan imkoniyatlarga ega. Lekin uning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalar ahvoli bunga mutlaqo mos emas. Oxirgi 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotdagi viloyat ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.

- Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimizdagi eng past koʻrsatkichlardan biri. Qashqadaryo eli shunga munosibmi? - deya savol qoʻydi Prezident.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda ilmiy asos va innovatsion yondashuv yoʻq, viloyat iqlim sharoitiga mos yangi navlar yaratilmagan. Oʻtgan yili paxta hosildorligi gektariga 19 sentnerni yoki yurtimizdagi eng quyi koʻrsatkichni tashkil etgan. Qishloq xoʻjaligi texnikalari yetishmaydi. Mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ham past.

Shavkat Mirziyoyev hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini keskin tanqid qildi. Notoʻgʻri sugʻorish oqibatida yerlarning 45 foizi shoʻrlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, Gʻuzor, Nishon va Kosonda ahvol juda ogʻir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sugʻorish jami sugʻoriladigan maydonning bor-yoʻgʻi 2,4 foizida joriy qilingan.

Aholining ichimlik suvi taʼminoti viloyat boʻyicha 50 foizni, xususan, Kosonda 26, Dehqonobodda esa atigi 4 foizni tashkil qiladi. Quvurlarning 60 foizi taʼmirtalab boʻlib qolgan. Qarshi shahrining kanalizatsiya tizimi ham eskirgan. Avtomobil yoʻllarining 8 ming 700 kilometri yaroqsiz holga kelgan.

Taʼlim va tibbiyot sifati masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

Viloyatning 88 maktabida “smena” koʻrsatkichi yuqori ekani, bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgani koʻrsatib oʻtildi. Qashqadaryo yoshlari oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichi boʻyicha mamlakatda 13-oʻrinda. Bu yil 191 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy oʻquv yurtlariga kira olmagan.

Tor sohalar boʻyicha 257 ta, birlamchi boʻgʻinda 855 ta shifokor yetishmaydi. Hududda qoʻshimcha 18 ta oilaviy poliklinika va 30 ta oilaviy shifokorlar punktlariga talab mavjud. Har bir oilaviy poliklinikaga oʻrtacha 25-30 ming nafardan fuqaro toʻgʻri kelishi lozim boʻlsa-da, viloyatda bu koʻrsatkich 90 mingtani tashkil etadi.

Yigʻilishda shu kabi muammolar, mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, Qashqadaryoni kompleks rivojlantirish va aholining hayot sharoitini yaxshilashga doir ustuvor yoʻnalishlar muhokama qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?