Shavkat Mirziyoyev: Oʻzgarishlarning eng katta zamini — yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik

22:47 14 May 2021 Siyosat
1219 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Tepaqoʻrgʻon mahallasi hayoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha chora-tadbirlar mahallalar kesimida amalga oshirilishini taʼkidlagan edi. Mutasaddilarga oʻz sohasi boʻyicha mahallalardagi holatni oʻrganish, “oʻsish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasi qoʻyilgan.

Tepaqoʻrgʻon mahallasi ham shu tarzda obod qilingan. Bu yerda 30 ta koʻp qavatli uy bor, 6 ming 150 nafar aholi yashaydi. Ikkita 100 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, bitta ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyat yuritmoqda.

Mahalladagi yoʻlaklar, daraxtzorlar obod qilingan. Bolalar oʻyingohlari tashkil etilib, sport qurilmalari oʻrnatilgan.

40 ta kichik biznes subyektida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda. Yaqinda bu yerda yana bir ishlab chiqarish korxonasi - “Euroasia print” bosmaxonasi qurib bitkazildi. Unda 60 dan ortiq ish oʻrni yaratildi. Shavkat Mirziyoyev ushbu korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Shu yerda Toshkent shahrida xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish rejalari taqdimoti oʻtkazildi.

Mahalla ahli bilan suhbatda nuroniylar Ramazon oyi roʻzasini shukronalik bilan tutganini, yurtimizga tinchlik-farovonlik soʻrab duolar qilganini aytishdi.

- Mana shu shukronalikni, insof sari baraka ekanini xalqimizga, yoshlarimizga yetkazish kerak. Oʻz mahallangizda koʻrib turibsizlar. Mana, intilsa, qilsa boʻlar ekan-ku. Bunday oʻzgarishlarning eng katta zamini - yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik. Buning qadriga yetib, har bir mahallani mana shunday chiroyli, tartibli qilishimiz zarur. Balandparvoz gapsiz, mehnatimiz bilan xalqimizni rozi qilishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari xorijiy tillarni oʻrgatish markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?