Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimlini qabul qildi

17:19 11 Iyun 2024 Siyosat
350 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 11-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon madaniyati kunlarini oʻtkazish doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimlini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Adil Karimli davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomlari va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan ustuvor hisoblangan gumanitar sohadagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqilgan.

Mamlakatimiz yetakchisi soʻnggi yillarda madaniy almashinuv faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.

Joriy yil boshidan buyon Boku shahrida Oʻzbekiston ilm-fani va madaniyati kunlari, koʻrgazma va “Lazgi” milliy baleti premyerasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Bugun boshlangan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida shoir va mutafakkir Muhammad Fuzuliy kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Shuningdek, koʻrgazma, sahna asarlari namoyishlari va boshqa tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

“Yoʻl xaritasi” asosida faol muloqotni va tadbirlarga boy madaniy dasturni davom ettirish, UNESCO, TURKSOY va AYSESKO kabi xalqaro tashkilotlar doirasida qoʻshma tashabbus va loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?