Shavkat Mirziyoyev oʻqimasdan olinayotgan haydovchilik guvohnomalari xususida hamda inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishida strategiyada belgilangan vazifalar boʻyicha soʻzladi

17:52 26 Yanvar 2022 Siyosat
632 0

Foto: president.uz

“Bir muhim masalaga barchaning eʼtiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini oʻqimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Shuning uchun avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda”, dedi Prezident yigʻilishda.

Bu muammoni bartaraf qilish uchun mutasaddilarga, avvalo, oʻqitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, oʻqitmasdan va oʻrgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish boʻyicha qonunchilikka qoʻshimcha kiritish yuzasidan taklif kiritish topshirigʻi berildi.

Yoʻllarda xavfsiz harakatlanishga sharoit yaratish, avariya va oʻlim holatlarini keskin qisqartirish, buning uchun harakatni boshqarishni toʻliq raqamlashtirish zarurligi koʻrsatildi. Shu munosabat bilan Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Bosh prokuraturaga aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, barcha iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlar oldiga quyidagi vazifalar qoʻyildi:

— yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollardan oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravarga koʻpaytirish va kambagʻallik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirish;

— joriy yilda inflyatsiya darajasini 9 foizdan oshirmaslik;

— joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 10 trillion soʻm kreditlarni “mahallabay” kafolatli yetib borishini taʼminlash;

— byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;

— dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga oshirib, agrar tarmoqda yillik oʻsishni kamida 5 foizga yetkazish.

— yaqin besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish.

Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishida strategiyada belgilangan vazifalar:

— maktab taʼlimi sifatini oshirish, kelgusi besh yilda maktablarda qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish hamda darsliklarni yangilash;

— barcha hududlarda maktabgacha taʼlimning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazish;

— kamida 10 ta oliygohning nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini taʼminlash;

— xususiy sheriklik asosida 100 ming oʻrinli talabalar

turar joylarini barpo etish;

— byudjetdan dori vositalari va tibbiy buyumlarga ajratiladigan mablagʻlarni 3 baravarga oshirish;

— birlamchi tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, raqamli tibbiyotni keng joriy qilish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер