Shavkat Mirziyoyev: Mustaqillikka erishish oson boʻlmagan

13:46 31 Avgust 2022 Siyosat
698 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar qatagʻon qurbonlarini yod etish uchun yigʻildi. Qurʼon tilovat etilib, oʻtganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.

Vatanimiz fidoyilarini aynan Mustaqillik bayrami kunlarida yod etishda katta maʼno bor. Bu xalqqa xizmat hech qachon unutilmasligini, el-yurtimiz ozodligi va tinchligi qadrini yana bir bor anglatadi.

2001-yildan buyon 31-avgust “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Jadid bobolarimizning ruhlarini shod etish, hayoti va merosini oʻrganishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. Oʻtgan yili “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilingan edi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda uning filiallari ochildi.

Bu yil muzeyda jadid talabalar Germaniyaga oʻqishga yuborilganining 100-yilligiga bagʻishlangan ekspozitsiya tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari muzeyga kirib, mazkur koʻrgazma bilan tanishdi.

— Bu yerga har gal kelib, eʼtibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson boʻlmagan. Istiqlolimizga 31 yil boʻlgani bilan bobolarimiz 100-yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatagʻonga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Tahlil boʻlgan. Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi boʻlgan. 2-3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shular haqda soʻzlar ekan, Prezidentimiz Qurʼoni karimdagi oyatni yodga oldi. “Oli Imron” surasining 169-oyatida: «Alloh yoʻlida halok boʻlganlarni oʻlik, deb hisoblamang, ular tirikdir, Parvardigorlari huzurida rizqlanishmoqda» deya marhamat qilingan.

Xalqimiz ozodligi, haqiqat va adolat yoʻlida oʻz jonini fido qilgan shahid ajdodlarimizning xotirasi ham hamisha barhayotdir.

Davlatimiz rahbari hali bu tarix oxirigacha oʻrganilmagani, qatagʻon qurbonlarini aniqlash va xotirasini tiklash boʻyicha izlanishlarni davom ettirish kerakligini taʼkidladi.

— Butun dunyoda bir parcha qogʻoz boʻsayam, qancha mablagʻ ketsayam, oʻzbek millatiga mansub hujjatlarni topinglar, deb topshiriq bergandim, — dedi Prezident. — Oxirgi yillarda yana qancha qatagʻon qurbonlari aniqlandi. Adolat nuqtayi nazaridan qahramon bobolarimizning nomlarini tiklayapmiz. Oʻtgan bir yil ichida Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan 235 nafar ana shunday vatandoshimiz oqlandi. Jadid bobolarimiz nomida muzeylar, maktablar tashkil qilyapmiz. Toshkent markazida Abdulla Qodiriy maktabi qurib, haykalini oʻrnatdik. Nima uchun? Odamlar oʻtganda koʻrishi, “men kimlarning avlodiman” deb oʻylashi, asarlarini bilishi kerak. Yoki Choʻlponni tiklash qanday qiyin boʻldi? Bugun biz pastga tushinglar, xalqning ichiga boringlar, deyapmiz, xalqdan kuch olayapmiz. Choʻlpon ham shunday degan. Bunday xayrli ishlarni toʻxtatmaslik kerak. Yangi kitoblar, filmlar chiqarish zarur.

Davlatimiz rahbari bu yoʻlda izlanayotgan zahmatkash olimlarga, ziyolilarga minnatdorlik bildirdi. Jadidlarning hayoti va asarlarini televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarga yetkazish, maktab darslarida bu mavzuga keng oʻrin berish zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida maʼrifatparvar bobolarimizning maʼnaviy merosini oʻrgatish boʻyicha kafedra tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Maʼlumki, mustabid tuzum faqat jadidlarni yoʻq qilish bilan cheklanib qolmagan. Oʻtgan asrning 80 yillarida ham minglab vatandoshlarimiz turli boʻhtonlar bilan qamoqqa olingan, xoʻrlangan.

— Bugun ham yoʻlda oʻylanib kelyapman. 30 yillarni eski tarix desa, “paxta ishi”chi?! Yetakchilarimizni qatagʻon qilish uchun soxta ayblovlar oʻylab chiqarishdiku. Boshqa respublikalarda yoʻqmidi kamchilik? Bunday alamli voqealarni hech qachon unutib boʻlmaydi. Bugungiday bayramlarda, tinch-osoyishta kunlarda shularni ham yuragimizdan oʻtkazib, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyo notinch boʻlib borayotgani, bunday vaziyatda ogoh va vazmin boʻlish kerakligi qayd etildi.

— Koʻrayapsizlar, dunyoda raqobat, tahdidlar kuchayib borayapti. Xavf yonimizda yuribdi. Bunga tayyor boʻlish uchun hamisha ogoh boʻlish zarur. Bugungi emin-erkin hayotimizga shukrona aytish bilan birga ertangi kunimizni mustahkam qilishimiz kerak. Qachon mustahkam qilamiz? Bilimli boʻlsak. Agar bobolarimiz buyukligidan ruhlanib, har bir soha boʻyicha taʼlimni mukammal qilsak, manaman degan davlatdan kam joyimiz yoʻq. Bolalarimizni zoʻr oʻqitsak, natija biz kutgandan ham yaxshi boʻladi. Mustaqilligimiz barqaror va abadiy boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat etildi. Allohdan oʻtganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?